Kafedra tarixi
Urologiya xizmati juda qadimdan tabib yoki ustolar tomonidan koʼrsatilib kelingan (giyohlar bilan davolash, sunnat yoki xatna va boshqalar).
Samarqandda urologiya xizmati Respublikamiz miqyosidagi xuddi shunday xizmatning tarkibiy qismi sifatida barpo boʼldi va taraqqiy etdi.
1932 yilda Oʼzbek davlat universitetining meditsina fakulteti va 1935 yilda Samarqand meditsina instituti tashkil qilinishi bilan fakultet xirurgiya kafedrasi tarkibida urologiya fani ham oʼqitila boshlangan. Urologiyadan lektsiyalarni har xil davrlarda professorlar А.А.Kozirev, B.E.Pankratev, А.V.Suщevskiy, G.M.Mints, dotsentlar B.F.Medvedkov, M.L. Kotlyarevskiy, M.K. Karaevlar oʼqishgan.
1965 yili SamMI 1-son klinikasida 45 oʼrinli urologiya boʼlimi ochilgach, uning bazasida IV kurs talabalariga lektsiyalarni dotsent X.J.Rahmonov, amaliy mashgʼulotlarni esa assistent N.А. Yusupov oʼta boshlagan.
Mustaqil urologiya kafedrasi 1973 yili tashkil qilinib, uning birinchi mudiri etib dotsent X.J.Rahmonov tayinlangan. Dotsent Rahmonov Hamid Jalilovich 1 may 1916 yilda Fargʼonada tugʼilgan. SamMIni 1937 yilda tugatgan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va 1947 yildan boshlab avval assistent, keyinchalik dotsent boʼlib fakultativ xirurgiya kafedrasida, 1973-1984 yillar davomida urologiya kafedrasi mudiri va 1984 yildan to umrining oxirigacha shu kurs, keyinchalik kafedra dotsenti sifatida faoliyat koʼrsatgan.
Dotsent Rahmonov X.J. uni bilganlar xotirasida printsipial xarakterli, yuqori professional xirurg-urolog va kamtarin inson sifatida eslanadi. U bemorlarning hurmati va olqishiga sazovor boʼlgan xirurg-urolog edi.
Urologiya kafedrasining birinchi xodimlari dots. Rahmonov X.J. (kurs mudiri), ass. Yusupov N.А., ass. Olimjonov N.K. va klinik ordinator S. Аllazovlar edi. 1976 yili N.А.Yusupov dotsentlikka oʼtkazildi va R.N.Ibodov Moskvada aspiranturani muvoffakiyatli tugatib qaytgach, assistentlikka qabul qilindi. Urologiya jamoasi bu davrda “Ileotsistoplastika”, “Siydik-tosh kasalligi”, “Piyelonefrit” kabi muammolar ustida ilmiy izlanishlar olib bordi.

Raxmonov X.J. (1916-1988)
1979 yili urologiya kafedrasi oʼshanda yangidan qurilib bitkazilgan SamMIning 2-son klinikasi tasarrufiga oʼtkazildi. 1984 yili kurs kafedraga aylantirildi va uning mudiri qilib shungacha fakultet xirurgiya, bolalar xirurgiyasi kafedrasida ishlab yurgan t.f.d. U.B.Bekmuratov tayinlandi, ord. Shtiben F.P. bir muddat soatbay assistent boʼlib ishladi.

Bekmuratov U.B.
Urologiya kafedrasi 1990-1991 yillar davomida fakultativ xirurgiya kafedrasiga qoʼshib yuborildi. Shu davrda kafedra mudiri - prof. I.R.Rustamov faolyat olib bordi. .
1991yildan boshlab urologiya kafedrasiga mudir qilib gospital xirurgiya kafedrasida ishlab yurgan t.f.d. А.S.Salomov oʼtkazildi. Bu davrda kurs xodimlari “Buyrak va siydik yoʼllarining infektsion-yalligʼlanish kasalliklari”, “Prostata bezining adenomasi” kabi ilmiy muammolar ustida ilmiy izlanishlar olib borishdi.
1991-1998 oʼquv yillari davomida urologiya kafedrasi pediatriya fakultetining xirurgiya kafedrasi bilan qoʼshilib, kafedra mudirligiga kayta prof. А.S.Salomov saylandi. Bu paytda kafedrada urologiya boʼyicha darslarni prof. S.А.Аllazov, ass., t.f.n. Z.R.Shodmonova, ass. D.R.Sayapova, ass. R.I.Hamitov va ass. N.А.Boboqulovlar olib borishdi. Urologiya kafedrasining aʼzolaridan S.А.Аllazov 1992 yili Samarqandda birinchi boʼlib urologiya fanidan doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1996 yili SamMIda “Urologiya” mutaxassisligi boʼyicha birinchi marta ajratilgan doktoranturaga t.f.n. Z.R.Shodmonova kabul qilindi va “Siydik-tosh kasalligini patogenetik davolash samaradorligini oshirish” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bora boshladi.
1998 yilda D.R. Sayapova prof. S.А.Аllazov rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu yillarda urologiya klinikasida "Uroliks" majmuasi, Litotriptor "Urat-II" oʼrnatilishi tufayli viloyat aholisiga koʼrsatilayotgan urologiya xizmati yangi pogonaga koʼtarildi.
Salomov А.S.
Allazov Salox Allazovich — tibbiyot fanlari doktori, professor, Oʻzbekiston Turon Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi (akademik). U uzoq yillardan buyon Samarqand viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasining bosh urologi hamda Viloyat urologlari ilmiy jamiyati raisi sifatida hududda urologiya xizmatini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshib kelmoqda. Hozirda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritmoqda.
S.A. Allazov 1950-yil 20-yanvarda Ishtixon tumanida tugʻilgan. 1967-yilda maktabni oltin medal, 1973-yilda esa Samarqand davlat tibbiyot institutini imtiyozli diplom bilan tamomlab, ilmiy va amaliy faoliyatini shu institutda klinik ordinator sifatida boshlagan. Keyinchalik assistent, professor hamda 1999–2014-yillarda Urologiya kursi mudiri, 1995–2000-yillarda esa institut Aspirantura va doktorantura boʻlimi mudiri lavozimlarida samarali mehnat qildi.
Professor Allazov 1981-yilda nomzodlik va 1992-yilda Samarqandda urologiya yoʻnalishi boʻyicha birinchi boʻlib doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. U Oʻzbekiston tibbiyotida yangi sohaga — tashqi muhit va pestitsidlarning urologik kasalliklarga taʼsirini oʻrganuvchi "Ekourologiya" yoʻnalishiga asos soldi. Shuningdek, amaliyotga lagoxilus ekstrakti kabi xalq tabobati usullarini hamda Ivanissevich, Sopojkov jarrohlik usullarini tatbiq etib, soha rivojiga munosib hissa qoʻshdi.
Uning tashabbusi bilan Samarqand viloyat klinik shifoxonasida 25 oʻrinli urologiya boʻlimi va 2001-yilda respublika viloyatlari orasida birinchi boʻlib Urologlarning I ilmiy-amaliy konferensiyasi tashkil etildi. Olim bugunga qadar 800 dan ortiq ilmiy ishlar (jumladan, 370 ta maqola, 8 ta Scopus maqola, 18 ta monografiya, 4 ta darslik) hamda 70 ta ratsionalizatorlik taklifi muallifidir. Uning rahbarligida 1 nafar fan nomzodi va 20 dan ortiq magistrlar yetishib chiqqan.

Аllazov S.А.
Shodmonova Zebuniso Raximovna — tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent. U 2014–2023-yillar mobaynida Samarqand davlat tibbiyot instituti (SamDTI) Davolash fakulteti Urologiya kursini samarali boshqarib kelgan.
Z.R. Shodmonova 1984-yilda SamDTI Davolash fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatib, 1984–1986-yillarda mazkur dargohda "Urologiya" mutaxassisligi boʻyicha klinik ordinaturani oʻtadi. 1988–1991-yillarda Ukraina (Kiyev)dagi P.L. Shupik nomidagi akademiya aspiranturasida tahsil olib, "Kalkulyoz pyelonefritning patogenetik va klinik parallellari" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Меhnat faoliyatini 1992-yilda SamDTI Urologiya kursi assistenti sifatida boshlagan olima, 2014-yilda dotsent unvonida ushbu kurs mudiri etib saylandi. U sermahsul pedagogik faoliyati bilan birga SamDTI "Xirurgiya" yoʻnalishi soha komissiyasi raisi, Davolash fakulteti Ilmiy kengashi aʼzosi hamda Xotin-qizlar kengashi raisi sifatida samarali jamoat ishlarini olib bordi. Shuningdek, dotsent Z.R. Shodmonova Oʻzbekiston Urologlar ilmiy jamiyati hamda 2016-yildan Amerika endourologlar assotsiatsiyasining eʼtirof etilgan aʼzosi hisoblanadi.

Shodmonova Z.R.
Abduraxmanov Diyor Shukurullayevich — 1991-yil 15-martda Jizzax viloyatida tugʻilgan. Tibbiyot fanlari doktori (DSc), dotsent.
D.Sh. Abduraxmanov 2010–2017-yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutining Davolash fakultetida tahsil olgan va 2017–2020-yillarda "Umumiy xirurgiya" mutaxassisligi boʻyicha magistraturani tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2020-yilda SamDTI Taʼlim sifatini nazorat qilish boʻlimi bosh mutaxassisi hamda 1-son Xirurgik kasalliklar kafedrasi stajyor-assistenti sifatida boshlagan.
2022-yilda Buxoro davlat tibbiyot institutida "Ventral churra va morbid semizlik bilan xastalangan bemorlarda gernio- va abdominoplastikani klinik asoslash" mavzusida PhD dissertatsiyasini himoya qilgan. 2024-yilda xirurgiya ixtisosligi boʻyicha dotsent ilmiy unvonini olgan. 2025-yil 27-dekabrda Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Ilmiy kengashda "Qorin churralari va uning asoratlangan shakllarida xirurgik davoning taktik-texnik jihatlari" mavzusida doktorlik (DSc) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
2023–2024-yillarda SamDTU Qoʻshma taʼlim fakulteti dekani lavozimida samarali faoliyat olib borgan. 2024-yildan 2026-yillarda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlagan.

Abduraxmanov D.Sh
Davronov Oybek Otabekovich 1982-yil 8-oktyabrda Samarkand viloyatida tugʻilgan.
O. O. Davronov 1999–2006-yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutining davolash fakultetida tahsil olgan va 2010–2013-yillarda "Urologiya" mutaxassisligi boʻyicha magistraturani tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2014 yildan SamDTI Urologiya kafedrasi stajyor-assistenti sifatida boshlagan. 2019 yilda Janubiy Korea davlati, Seuol Milliy Universiteti klinikasida Endourologiya boyicha mutaxassislik kursini tamomlagan.
2026-yildan Samarqand davlat tibbiyot universiteti Urologiya kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.

Davronov O.O.