Kafedra ma'naviy-ma'rifiy ishlari
Kafedrada o‘qitiladigan «Sud tibbiyoti», «Vrach faoliyatining huquqiy asoslari» va «Bioetika» fanlarida umumiy etika, tibbiy etika, deontologiya, tibbiy deontologiya hamda zamonaviy bioetika tamoyillari atroflicha yoritiladi. Mazkur ta’lim yo‘nalishlarini chuqur o‘zlashtirish bo‘lajak umumiy amaliyot vrachlari va tibbiyot mutaxassislarida kasbiy faoliyatga oid me’yor va qoidalarga qat’iy rioya qilish, bemor huquqlarini hurmat qilish, kasbiy mas’uliyat va tibbiy sirni saqlash kabi muhim kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur fanlar doirasida turli huquqbuzarliklar, jumladan, tibbiyot xodimlarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, vrachlik faoliyatidagi huquqiy va deontologik masalalar, shuningdek, inson hayoti va sog‘lig‘iga qarshi sodir etilgan turli xil jinoyatlar bo‘yicha sud-tibbiy ekspertiza holatlari o‘rganiladi. Bu jarayon talabalarda huquqbuzarliklarning mohiyatini anglash, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, kasbiy xatolar va huquqiy oqibatlarni to‘g‘ri baholash hamda kelgusida ularning oldini olish bo‘yicha zarur bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga zamin yaratadi.
Ta’lim jarayoni bilan bir qatorda kafedrada talabalarning ma’naviy-axloqiy kamolotini ta’minlash, ularda yuksak kasbiy madaniyat, huquqiy ong, vatanparvarlik, fuqarolik mas’uliyati va insonparvarlik fazilatlarini shakllantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar ham tizimli ravishda olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining №299-sonli buyrug‘i talablaridan kelib chiqqan holda, har bir professor-o‘qituvchi o‘zining shaxsiy ish rejasi asosida talaba-yoshlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy tadbirlarni amalga oshiradi. Kafedrada bu yo‘nalishda biriktirilgan murabbiylik guruhlari va oqimlarida axborot soatlari, davra suhbatlari, ma’rifiy uchrashuvlar va tarbiyaviy tadbirlar muntazam tashkil etiladi.
Shuningdek, talabalarning yashash sharoitlarini o‘rganish va ular bilan bevosita muloqot qilish maqsadida tegishli mahallalar, talabalar turar joylari hamda ijara xonadonlarida istiqomat qilayotgan talabalar bilan ham ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ish olib boriladi. Ushbu tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoev tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual, ma’naviy va jismoniy salohiyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Kafedra professor-o‘qituvchilarining talabalar bilan ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi faoliyati
Kafedra professor-o‘qituvchilari tomonidan talabalar o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlarda tizimli tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar amalga oshiriladi:
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoevning asarlari, ma’ruzalari va nutqlari, shuningdek, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari hamda normativ-huquqiy hujjatlari bilan talabalarni muntazam tanishtirib borish;
- yosh avlodni har tomonlama barkamol inson sifatida tarbiyalash, ularda umuminsoniy, milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat, yuksak axloqiy fazilatlar hamda keng dunyoqarashni shakllantirish;
- mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va ularning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida talabalarga tushuncha berish;
- talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik, shaxsiy gigiena va sog‘lom hayot falsafasini shakllantirish;
- talabalarning siyosiy-huquqiy madaniyatini yuksaltirish, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat ruhini shakllantirish, huquq va majburiyatlarini anglashga ko‘maklashish;
- mamlakatimizda va jahonda ro‘y berayotgan muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy voqealar haqida talabalarga o‘z vaqtida, xolis va tushunarli ma’lumotlar yetkazish;
- talabalar o‘rtasida o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik, hamjihatlik va sog‘lom ma’naviy-psixologik muhitni shakllantirish;
- tibbiy kasbning yuksak ijtimoiy mas’uliyatini talabalar ongiga singdirish, vrachlik kasbiga sadoqat, bemorga insonparvar munosabat, tibbiy etika va deontologiya tamoyillariga rioya qilish ko‘nikmalarini mustahkamlash;
- kafedra va ta’lim muassasasining yo‘nalishi hamda ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning ilmiy, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan to‘garaklar, davra suhbatlari, tanlovlar va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
- yoshlarni turli yot g‘oyalar, zararli odatlar va huquqbuzarliklardan asrash, ularda huquqiy ong, fuqarolik mas’uliyati va jamiyat oldidagi burch hissini mustahkamlash;
- talabalarning muammolari, ehtiyojlari va takliflarini o‘rganish, ular bilan yakka tartibda ishlash hamda zarur hollarda tegishli mutaxassislar bilan hamkorlikda amaliy yordam ko‘rsatish.
Ushbu ta’limiy, tarbiyaviy va ma’naviy-ma’rifiy ishlar majmui bo‘lajak vrachlarda kasbiy bilim va ko‘nikmalar bilan bir qatorda yuksak axloqiy-etik fazilatlar, huquqiy ong, kasbiy mas’uliyat, insonparvarlik va deontologik madaniyatni shakllantirishga xizmat qiladi. Natijada talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyatida bemor huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, tibbiy kasb etikasi va deontologiya talablariga amal qilish hamda tibbiy-huquqiy me’yorlarga qat’iy rioya etishga tayyorgarligi ta’minlanadi.