Ilmiy to'garak
Pediatriya fakulteti Yuqumli kasalliklar kafedrasi qoshida faoliyat yuritayotgan “Yosh infeksionistlar” ilmiy to‘garagi talabalarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish hamda kasbiy kompetensiyalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
To‘garak a’zolari kafedrada muntazam ravishda o‘tkaziladigan ilmiy yig‘ilishlarda faol ishtirok etadilar. Har bir talaba kafedra professor-o‘qituvchilariga biriktirilgan bo‘lib, “Ustoz–shogird” an’anasi asosida ilmiy izlanishlar olib boradi.
Ilmiy to‘garak faoliyatiga kafedra assistenti, falsafa doktori (PhD) Achilova Matlyuba Mirxamzayevna rahbarlik qiladi. U 50 dan ortiq ilmiy maqola va ilmiy-uslubiy ishlar muallifi hisoblanadi.
To‘garak a’zolariga ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va olib borish, birlamchi hujjatlarni to‘plash, rasmiylashtirish va yuritish tartibi bo‘yicha nazariy hamda amaliy bilimlar beriladi. Shuningdek, ilmiy maqola va tezis tayyorlash, ularning tarkibiy qismlari, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash, materiallarni yig‘ish va tahlil qilish, tadqiqot natijalarini muhokama qilish hamda ilmiy nashrlarda chop etish tartibi bo‘yicha muntazam ravishda mahorat darslari (master-klasslar) tashkil etiladi.
Bundan tashqari, to‘garak a’zolari klinik bo‘limlarda navbatchiliklarda faol ishtirok etib, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlaydilar. Talabalar har bir to‘garak yig‘ilishida dolzarb mavzular yuzasidan ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashadilar, ilmiy bahs-munozaralarda ishtirok etadilar hamda mustaqil ravishda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantiradilar.


To‘garak faoliyati doirasida talabalar mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda muntazam ishtirok etib, o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etadilar. Bu esa ularning notiqlik mahoratini rivojlantirish, ilmiy fikrlashini shakllantirish hamda ilmiy ishlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
So‘nggi uch yil davomida kafedramizning iqtidorli talabalari ilmiy rahbarlari bilan hamkorlikda jami 42 ta ilmiy maqola chop etdilar. Shundan: 10 ta maqola xorijiy VAK jurnallarida; 18 ta maqola mahalliy ilmiy jurnallarda; 14 ta maqola esa xalqaro indeksatsiyaga ega bo‘lgan xorijiy ilmiy jurnallarda nashr etildi hamda mualliflar tegishli sertifikatlarga sazovor bo‘ldilar.
Har yili Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkaziladigan «Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi materiallar to‘plamida to‘garak a’zolari tomonidan o‘rtacha 20 ga yaqin tezis nashr ettiriladi.
Mazkur konferensiyada talabalar o‘z ilmiy tadqiqot natijalari bilan ma’ruza qilib, muntazam ravishda I, II va III darajali diplomlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar.
Jumladan: davolash fakulteti 505-guruh talabasi Urokova Gulchiroy Mansur qizi (ilmiy rahbar – PhD, assistent Achilova M.M.); tibbiy pedagogika fakulteti 611-guruh talabasi Obidova Muattar (ilmiy rahbar – t.f.n. Orzikulov A.O.); pediatriya fakulteti 530-guruh talabasi G‘ulomova Farangiz (ilmiy rahbar – assistent Mustaeva G.B.); davolash fakulteti 505-guruh talabasi Sayfieva Shahrizoda (ilmiy rahbar – assistent Yakubova N.S.); pediatriya fakulteti 427-guruh talabasi Zafarova Mehrangiz (ilmiy rahbar – assistent Djumaeva N.S.); pediatriya fakulteti 605-guruh talabasi Hamdamov Botirjon (ilmiy rahbar – DSc, dotsent Ergasheva M.Ya.) ilmiy ma’ruzalari bilan muvaffaqiyatli ishtirok etdilar.
Kafedra talabalari «SAMARQAND–2020» tibbiyot talabalari xalqaro olimpiadasida ham munosib ishtirok etib, quyidagi natijalarga erishdilar:
- I o‘rin — Ochilova Munisa;
- II o‘rin — G‘ulomova Farangiz;
- II o‘rin — Hamdamov Botirjon;
- III o‘rin — Maria Thresia Sunil;
- III o‘rin — Moses Nancy;
- III o‘rin — Sayfieva Shahrizoda.
Shuningdek, Toshkent tibbiyot akademiyasi tomonidan tashkil etilgan «Avitsenna izdoshlari» VI xalqaro fan olimpiadasida Hamdamov Botirjon III o‘rinni egalladi.
Pediatriya fakulteti kafedralari hamkorligida muntazam ravishda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etilib, ularda «Yosh infeksionistlar» ilmiy to‘garagi a’zolari faol ishtirok etadilar.

Har yili S.D. Asfandiyarov nomidagi Qozoq milliy tibbiyot universiteti Tropik kasalliklar kafedrasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Yuqumli kasalliklar kafedrasi talabalari ilmiy to‘garaklari ishtirokida integratsiyalashgan ilmiy yig‘ilishlar o‘tkaziladi. Ushbu uchrashuvlar davomida talabalar xorijiy hamkasblari bilan ilmiy tajriba almashadilar, zamonaviy ilmiy yutuqlar bilan tanishadilar hamda amaliy tavsiyalar ishlab chiqadilar.
Hozirgi kunda «Yosh infeksionistlar» ilmiy to‘garagi a’zolari orasida 4 nafar talaba xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lib, bu ularning magistratura bosqichida ta’lim olishlari, akademik mobillik dasturlarida hamda xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etishlari uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ilmiy to‘garak a’zolari Samarqand davlat tibbiyot universitetida o‘tkaziladigan «Ilmiy doiralar forum-ko‘rgazmasi» da ham muntazam ravishda ishtirok etib, o‘zlarining innovatsion Start-up loyihalarini muvaffaqiyatli namoyish etib kelmoqdalar.
«Yosh infeksionistlar» ilmiy to‘garagi faoliyati talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga keng jalb etish, ularning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, xalqaro miqyosdagi ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda raqobatbardosh, yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qilmoqda.