Maxsus imkoniyatlar

Ko'rinish

A Oddiy
Kulrang rejim
Rasmsiz

Matn sozlamalari

Shrift: 18
Qator balandligi: 1.6

Matn tekislash

Shrift

Qo‘shimcha

O'qish uchun qulay shrift
O‘qish yo‘riqchisi
Katta kursor

Xalqaro hamkorlik

  Samarqand davlat tibbiyot universitetining xalqaro faoliyatiga oid vazifalar universitetning xalqaro ta’lim maydonidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan rivojlanish konsepsiyasi asosida belgilanadi. Xalqarolashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari xorijiy talabalar sonini oshirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish, xorijiy ta’lim muassasalarida dars beradigan tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar sonini ko‘paytirish, shuningdek, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma va ikki diplom berish imkoniyatini ta’minlovchi ta’lim dasturlari sonini oshirishdan iborat.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti ta’lim va fan sohasidagi xalqaro hamkorlikni teng huquqlilik tamoyili asosida olib borib, 60 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar, xorijiy universitetlar hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib kelmoqda. Yevropa, Osiyo, Shimoliy Amerika va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlaridagi universitetlar bilan hamkorlik qo‘shma dasturlar va akademik mobillik asosida rivojlantirilmoqda.

  Hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va mustahkamlash, ta’lim olish, malaka oshirish hamda ilmiy konferensiyalarda ishtirok etish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurayotgan xorijiy yuqori malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilar, talabalar va tadqiqotchilar soni yildan-yilga ortib bormoqda.

  Kafedra xodimlari tomonidan onlayn seminarlar va vebinarlar tashkil etiladi.

  Kafedra xodimlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan tashkil etiladigan ilmiy-amaliy konferensiyalarda, shuningdek, respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy forumlar, konferensiyalar, kongresslar hamda simpoziumlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Ular mazkur tadbirlarda ilmiy tadqiqotlari natijalarini taqdim etib, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan kasbiy tajriba almashmoqda.

  2024-yil sentabr oyida kafedra mudiri N.N. Shavazi Turkiyaning Istanbul shahridagi Yeditepe universitetida bo‘lib o‘tgan xalqaro ilmiy forumda ishtirok etib, muddatidan oldingi tug‘ruqlarning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan ilmiy ma’ruza bilan chiqish qildi. Forum ishida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Alimjanovich Rizayev ham ishtirok etdi.

  Tashrif doirasida Yeditepe universitetining klinik bazasi — akusherlik statsionariga tashrif tashkil etildi. Tashrif davomida universitetning yetakchi professorlari va mutaxassislari bilan kasbiy tajriba almashildi. O‘tkazilgan uchrashuvlar xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy klinik yondashuvlar bo‘yicha tajriba almashish hamda ilg‘or xorijiy tajribani kafedraning ta’lim, ilmiy va amaliy faoliyatiga joriy etishga xizmat qildi.

6a7db5c10a4ee.jpg

6a7db5d3e5c31.jpg

  Ozarbayjon Respublikasi Boku shahridagi Ozarbayjon tibbiyot universitetining 2026-yil 29-apreldagi 3-28-20/2-2087/2026-sonli taklifnomasi asosida 2026-yil 4–9-may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi Ozarbayjon tibbiyot universitetiga xizmat safariga yuborildi.

  Delegatsiya tarkibi:N.N.Shavazi — tibbiyot fanlari doktori (DSc), dotsent, 3-son akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri; F.N.Atayeva — kafedra assistenti; K.F.Rayimjanova — 2-bosqich magistratura rezidenti; F.O.Olimjonova — 1-bosqich magistratura rezidenti.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi «Sog‘liqni saqlash va texnologiyalar sammiti» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasida ishtirok etdi

6a7db606435db.jpg

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi konferensiyaning akusherlik va ginekologiya, dermatovenerologiya hamda jarrohlik yo‘nalishlaridagi sho‘ba yig‘ilishlarida ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.

  Ilmiy va akademik hamkorlik doirasida 6-may kuni Ozarbayjon tibbiyot universiteti akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri E.M. Aliyeva hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti 3-son akusherlik va ginekologiya kafedrasi mudiri Nargiz Nuraliyevna Shavazi o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

  Uchrashuv davomida universitetlar, xususan, tegishli mutaxassislik kafedralari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

  Nargiz Nuraliyevna Shavazi akademik mobillik doirasida tuzilgan kalendar-mavzuli reja asosida Davolash fakultetining 6-bosqich talabalariga quyidagi mavzularda 5 ta ma’ruza o‘qidi: Akusherlikdagi shoshilinch holatlar; Muddatidan oldingi tug‘ruqlar; Akusherlikda gipertenziv holatlar; Homiladorlik davridagi qon ketishlar; Tug‘ruq va tug‘ruqdan keyingi davrdagi qon ketishlar.

  Kafedralar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

  Delegatsiya a’zolari kafedra faoliyati va ish jarayonining tashkil etilishi bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, kafedra xodimlari bilan birgalikda bemorlar konsultatsiyasi o‘tkazildi.

  Shuningdek, «Tibbiyot shaharchasi» hududi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Delegatsiya a’zolari universitet kutubxonasining tuzilishi va ta’lim jarayonida foydalaniladigan o‘quv adabiyotlari bilan tanishdilar.

  Quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni nazarda tutuvchi shartnoma loyihasi ishlab chiqildi:ta’lim dasturlarini takomillashtirish; qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy maqolalarni nashr etish; tibbiy ta’lim va fan sohasida tajriba almashish; qo‘shma ilmiy-amaliy tadbirlar, mahorat darslari, ma’ruzalar va seminarlar tashkil etish; ilmiy va ta’lim loyihalarida ishtirok etish; qo‘shma kurslar va boshqa ta’lim dasturlarini, jumladan, onlayn shaklda tashkil etish; talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun stajirovkalar, malaka oshirish kurslari hamda boshqa ta’lim tadbirlarini tashkil etish.

  Mazkur xalqaro akademik mobillik natijasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik har ikki mamlakatda tibbiyot sohasiga innovatsiyalarni joriy etadigan va ushbu yo‘nalishning jadal rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan yangi avlod yuqori malakali mutaxassislarini tayyorlash imkonini beradi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti har yili nufuzli «Samarkand–2020» xalqaro olimpiadasi, shuningdek, xorijiy va mahalliy oliy ta’lim hamda tibbiyot muassasalarining yetakchi olimlari, professor-o‘qituvchilari, yosh tadqiqotchilari va amaliyotchi mutaxassislarini birlashtiradigan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etib kelmoqda.

  3-son akusherlik va ginekologiya kafedrasi ushbu tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etadi. Kafedra xodimlari tashkiliy va dasturiy qo‘mitalar tarkibida faoliyat yuritadi, ilmiy dasturlarni tayyorlashda ishtirok etadi, ma’ruzalar bilan chiqish qiladi, mahorat darslari va sho‘ba yig‘ilishlarini o‘tkazadi. Shu orqali ular xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’lim sifatini oshirish va ilg‘or klinik tajriba almashinuviga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda.

  6a7db71b6732c.jpg

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti, xususan, bizning kafedramiz dunyoning turli mamlakatlaridagi ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari, universitetlar hamda jamoat tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga tayyor. Universitetimiz eshiklari barcha xorijiy abituriyentlar, talabalar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun doimo ochiq.