2026-yil 25–28-may kunlari Samarqand davlat tibbiyot universiteti delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasining Samara shahrida bo‘lib o‘tgan “Стоматологический научно-образовательный медицинский кластер и научная конференция, посвященная 60-летию стоматологического образования СамГМУ” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida Samara davlat tibbiyot universiteti faoliyati bilan tanishish va tajriba almashish maqsadida tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibidan O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i G. Tastanova, Pediatriya fakulteti dekani S. Karabayev hamda Raqamli ta’lim texnologiyalari markazi boshlig‘i L. Shukurovlar qatnashdi.
Tashrif davomida vakillar universitetda ta’lim jarayoniga joriy etilgan zamonaviy tibbiy texnologiyalar, simulyatsion ta’lim usullari, raqamli platformalar hamda talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, delegatsiya universitet klinikalarida o‘tkazilayotgan amaliy va nazariy mashg‘ulotlarda ishtirok etib, simulyatsion markazlar, yuqori texnologik laboratoriyalar, diagnostik va davolash uskunalari bilan jihozlangan o‘quv xonalari, intellektual raqamli boshqaruv tizimlari hamda aqlli operatsion bloklar faoliyatini o‘rgandi.
Mazkur tashrifning asosiy maqsadi Samarqand davlat tibbiyot universitetining Informatsion texnologiyalar, biofizika va tibbiy fizika kafedrasida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, talabalarni tibbiy tasvirlarni qayta ishlash va 3D modellashtirish, anatomik modellar yaratish, protez va implantlarni loyihalash, murakkab klinik holatlarni vizual tahlil qilish, jarrohlik amaliyotlarini rejalashtirish hamda virtual va simulyatsion texnologiyalardan samarali foydalanishga o‘rgatish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida zamonaviy laboratoriya uskunalari, raqamli diagnostika vositalari, simulyatsion trening texnologiyalari hamda sun’iy intellekt elementlariga asoslangan ta’lim yechimlari bilan ham yaqindan tanishildi. Olingan tajribalar kelgusida universitetda zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda raqamli tibbiyot yo‘nalishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Tashrif yakunida tomonlar tibbiyot ta’limini raqamlashtirish, innovatsion laboratoriyalarni rivojlantirish, simulyatsion ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni o‘quv jarayoniga joriy etish hamda ilmiy-ta’limiy hamkorlikni mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.















SamDTU Matbuot xizmati.