Samarqand davlat tibbiyot universiteti hamda Koreyaning OSSTEM kompaniyasi o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan bo‘lib, birgalikda o‘quv dasturlari, ilmiy va amaliy anjumanlar tashkil etib kelinadi.
Jumladan joriy yilning 15-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti Implantologiya kafedrasida OSSTEM kompaniyasi tomonidan eng zamonaviy stomatologik uskunalar va texnologiyalar bilan jihozlangan talabalar amaliyoti uchun mo‘ljallangan amaliyot xonasi foydalanishga topshirildi. Ochilishda ishtirok etgan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi mas’ul vakili foydalanishga topshirilgan mazkur yangi xona talabalarning stomatologik bilim va ko‘nikmalarini xalqaro standartlar asosida o‘zlashtirishiga zamin yaratishini aytib o‘tdilar.
Kunning ikkinchi yarmida "Yoshlar kuni" doirasida universitet rektori ishtirokida "Rahbar va yoshlar uchrashuvi" tashkil etildi. Shuningdek, OSSTEM kompaniyasi tomonidan Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari uchun ta’sis etilgan stipendiya g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi. Tadbirda ikki muassasa o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik aloqalari talabalarning bilim va salohiyatini oshirish barobarida stomatologik xizmat sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir doirasida OSSTEM kompaniyasi vakili Alisher Dexqonov tomonidan talabalar uchun “Implantologiyaga kirish” mavzusida seminar ham tashkil etildi. Seminarda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga malakali mutaxassis tomonidan javob oldilar.














SamDTU Matbuot xizmati