×
Menu
Close Menu

​“Karyera kuni” mehnat yarmarkasi o'tkazildi

  Samarqand Davlat tibbiyot universiteti bitiruvchi bosqich talabalari hamda magistratura va klinik ordinatura (rezidentura) mutaxassisliklarining bitiruvchi bosqich talabalarini sog‘liqni saqlash tizimiga qarashli tibbiyot muassasalarini kadrlar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish, tibbiyot oliy ta’lim muassasalari talabalarining tahsil olish jarayonida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari va munosib daromad olishlari uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini yanada oshirish maqsadida, joriy yilning 2-may kuni bitiruvchi bosqich talabalari bilan uchrashuv  hamda “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Mehnat yarmarkasida viloyatdagi jami 32 ta tibbiyot birlashmalari va tibbiy muassasalar bo‘sh ish o‘rinlari bilan ishtirok etdilar.

  Mazkur yarmarkada talabalar bo‘sh ish o‘rinlari hamda ishga joylashish tartib-qoidalari bilan tanishib, ish beruvchi tashkilotlar bilan suhbatlar uyushtirdilar. Suhbatlar davomida 315 nafar talabalar bilan ishga qabul qilish borasida kelishuvga erishildi.

  Tadbirning keyingi qismida yarmarkaga doir yig‘ilish tashkil etilib, unda Samarqand viloyat hokimi o'rinbosari Xusan Tuxtayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev, Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev hamda viloyatdagi tibbiyot birlashmalari rahbarlari va talabalar ishtirok etdi.

   Yig‘ilishda talabalarga mavjud ish o‘rinlari va birlashmalarda yaratilgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

  Tadbir davomida “Kelajakka qadam” dasturi haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Shuni ta’kidlash joizki, mazkur dastur doirasida SamDTU talabalaridan jami 500 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, shularning 50 dan ortig‘i ijobiy deya baholangan. Hozirda 10 nafar talabaga “Kelajakka qadam” dasturi doirasida kreditlar ajratilishi rejalashtirilgan.

 Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joizki, ayni damda Samarqand davlat tibbiyot universitetida 1700 dan ortiq bitiruvchilar ta’lim olib kelmoqda.


SamDTU Matbuot xizmati