Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Peterburg-Samarqand: amaliy jarrohlikdagi zamonaviy yondashuvlar" xalqaro simpoziumi o‘tkazildi

    Bugungi kunda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan chuqur va izchil islohotlar fuqarolarning umumiy manfaatlari, ularning salomatligi, farovon hayot qurilishiga asoslangan. Shuning uchun ilmiy-amaliy tadbirlarni o‘tkazish ilmiy faoliyatni ommalashtirishga, tibbiyot fanlari va ta’lim integratsiyasini chuqurlashtirishga va ko‘plab dolzarb muammolarni hal qilishga yordam beradi.

    Shu maqsadda joriy yilning 25-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti Morfologiya binosi katta majlislar zalida "Peterburg-Samarqand: amaliy jarrohlikdagi zamonaviy yondashuvlar"xalqaro simpoziumi ish boshladi.

    Simpoziumda Respublikamiz hamda Rossiya Federatsiyasining turli mintaqalaridan kelgan mutaxassislarning ishtiroki, turli sohalardagi jarrohlar tajribasini almashish imkoniyatini yaratibgina qolmay minimal invaziv texnologiyalar yutuqlari, o‘zbek tibbiyotining rivojlanishi va Rossiya jarrohlik maktabining tajribalarini o‘zaro baham ko‘rishga ham asos bo‘ldi.

    Anjuman doirasida Sankt-Peterburg vitse-gubernatori O.N.Ergashev va Sankt-Peterburg davlat universitetining gospital jarrohlik kafedrasi professori V.V.Strijeleskiyga Samarqand davlat tibbiyot universiteti "Faxriy professori” unvoni topshirildi.

    Anjumanning plenar yig‘ilishida sohaga doir bir qator dolzarb mavzular yuzasidan chiqishlar qilinib, ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, sho‘ba yig‘ilishlarida "O‘t toshining asoratlari bo‘yicha shoshilinch jarrohlikda gibrid mini invaziv aralashuvlar imkoniyatlari", "Jigar xo‘ppozini tashxislash va davolashda mini invaziv texnologiyalar",  "Yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatishning yangi standartlari" va boshqa bir qator mavzularda ma’ruzalar qilindi.

    Xalqaro ilmiy-amaliy simpozium doirasida jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Simpoziumda audiovizual texnologiyalar va yuqori tezlikdagi telekommunikatsiya tizimlari yordamida jarrohlik ta’limining muhim vositasi bo‘lgan operatsiya xonalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri jarrohlik eshittirishlari, shuningdek, endoskopik jarrohlik, onkologiya, bariatriya bo‘yicha yetakchi mutaxassislar ishtirokida jarrohlik muammolari va dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun davra suhbatlari tashkil etish nazarda tutilgan. 

    Anjuman o‘z ishini 26-aprel kuni ham davom ettiradi.


SamDTU matbuot xizmati