Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyoreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida epilepsiya kasalligini xirurgik davolash yo’lga qo’yildi

    2023-yil 11-noyabr kuni SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasida Rossiya Federatsiyasining Tyumen shahridagi Federal Neyroxirurgiya Markazi direktori, Rossiya Fanlar Akademiyasi akademigi, t.f.d., professor A.A. Sufianov va shu markazning Bolalar neyroxirurgiyasi bo`limi mudiri, t.f.n., dotsent Y.A. Yakimovlar ishtirokida Xalqaro ilmiy-amaliy seminar va master-klass tashkil etildi. Tyumen Federal Neyroxirurgiya Markazida bir yil davomida neyroxirurgiyaning barcha sohalarini qamrab olgan 4 mingdan ortiq har xil turdagi murakkab texnologiyali neyroxirurgik operatsiyalar o`tkaziladi va ushbu markaz bu boradagi yetakchi klinikalardan hisoblanadi. SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Tyumen Federal Neyroxirurgiya Markazi o’rtasida bir necha yillik ilmiy-amaliy aloqalar mavjud bo’lib, o’zaro kelishuvga ko’ra SamDTU yosh neyroxirurglari Tyumendagi markazda stajirovka o’tib, malaka oshirmoqdalar. Jumladan, 2022 yilda Neyroxirurgiya kafedrasi assistenti Z.T. Husanov Tyumen Federal Neyroxirurgiya Markazida “Transnazal transsfenoidal neyroendoskopik usulda gipofiz o’smalari xirurgiyasi” mavzusida malaka oshirib qaytdi va shu turdagi operatsiyalar klinikamiz amaliyotiga joriy qilindi.

    Epilepsiya kasalligi hozirgi zamon neyroxirurgiya va nevrologiyasining eng dolzarb muammolaridan biri bo`lib, mamlakatimizda ushbu kasallik bilan kasallanganlar sonining ko`pligi, kasallik tufayli hayot sifatining va mehnatga layoqatlilikning pasayishi ushbu kasallikning ahamiyatini yanada oshiradi. Hozirgi kunda epilepsiyani davolashda qo`llaniluvchi antikonvulsant (antiepileptik) preparatlar 80-85% holatlarda samara beradi. Ammo, qolgan 15-20% bemorlarda ushbu preparatlarni qabul qilish fonida ham epileptik xurujlar davom etaveradi va epilepsiyani to`xtatish yoki kamaytirish imkoniyati bo`lmaydi. Bu holat tibbiyotda farmakorezistent epilepsiya deyiladi va bunday bemorlar xirurgik yo`l bilan davolanishga muhtojdirlar. Mamlakatimizda shu paytgacha epilepsiya kasalligi faqatgina konservativ yo`l bilan davolangan bo`lib, epilepsiya xirurgiyasi amalga oshirilmagan edi.

    Epilepsiyani xirurgik usulda davolashning bir qancha yo`llari mavjud bo`lib, professor A.A. Sufianov va uning jamoasi epilepsiya kasalligini mikroxirurgik usulda davolash tajribasi bo`yicha jahondagi yetakchilardan hisoblanadi. Tadbirning birinchi qismida professor A.A. Sufianov tomonidan “Epilepsiya xirurgiyasining zamonaviy yutuqlari va muammolari” mavzusida ilmiy ma’ruza qilindi.

    Tadbirning amaliy qismida esa, mamlakatimizda, xususan Samarqandda epilepsiya kasalligini xirurgik yo`l bilan davolash usullarini yo`lga qo`yish maqasadida Tyumenlik mutaxassislar ishtirokida master-klass tashkil etildi. Tadbir doirasida SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyoreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi asosini tashkil etadigan SamDTU Ko`p tarmoqli klinikasida joylashgan SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va klinikasida mamlakatimizda birinchi marta epilepsiya kasalligini xirurgik davolash bo`yicha murakkab texnologiyali miniinvaziv neyroendoskopik operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

    Buning uchun uzoq yillardan buyon epileptik xurujlar kuzatilgan, bir qancha antiepileptik preparatlar qabul qilishiga qaramasdan xurujlar chastotasi kamaymagan, 2011-yilda tug`ilgan X.A. ismli bemorda zarur barcha tekshiruvlardan o`tkazilib, Rossiyalik mutaxassislar, kafedra va klinika neyroxirurglari, anesteziolog-reanimatologlar va pediatrlar tomonidan muhokama qilindi. Operatsiyaga qarshi ko`rsatmalar aniqlanmadi va bemor rejali ravishda operatsiyaga tayyorlandi. Operatsiya jarayonida Professor A.A. Sufianov va dotsent Y.A. Yakimovga SamDTU neyroxirurgiya kafedrasi mudiri, PhD, dotsent M.A. Aliyev va kafedra assistenti Z.T. Husanovlar assistentlik qilishdi. Neyroxirurgiya klinikasi SamDTU Ilmiy Kengashi qarori va bevosita Universitet rektorining tashabbusi bilan zamonaviy yuqori texnologiyali neyroendoskop va C-arm kabi apparatlar bilan jihozlangan edi va operatsiya ushbu apparatlar yordamida amalga oshirildi. Shuningdek, operatsiya jarayoni 4K videokamera orqali o`quv xonalariga onlayn translyatsiya qilindi va Neyroxirurgiya talabalar ilmiy jamiyati a`zolariga operatsiya jarayonini to`liq kuzatish imkoniyati yaratildi. Operatsiya jarayoni qariyb 5 soat davom etdi va muvaffaqiyatli bajarildi. Bemorning operatsiyadan keyingi umumiy ahvoli qoniqarli, somatik a’zolari faoliyati mo’tadil, nevrologik jihatdan defitsitlar kuzatilmadi, epileptik xurujlar qayd qilinmadi.

    Ushbu murakkab texnologiyali operatsiya mamlakatimiz neyroxirurgiyasida epilepsiya kasalligini neyroendoskopik xirurgik yo`l bilan davolashdagi ilk qadam bo`ldi. Operatsiyadan so`ng SamDTU Neyroxirurgiya kafedrasi va Rossiya Federatsiyasining Tyumen shahrida joylashgan Federal Neyroxirurgiya Markazi o`rtasida kadrlar tayyorlash, SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyoreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazida Epilepsiya xirurgiyasini yo`lga qo`yish bo`yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi. 

SamDTU matbuot xizmati