×
Menu
Close Menu

Butunjahon ozon qatlamini himoya qilish kuniga bag'ishlangan tadbir bo'lib o'tdi

  16-sentyabrButunjahon ozon qatlamini himoya qilish kuni munosabati bilan Samarqand davlat tibbiyot universitetida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Tadbirda Samarqand viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi T.Hoshimov, SamDTU  Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektor E. Tangirov, professor-oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

  Samarqand viloyat Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi T.Hoshimov ishtirokchilarga bugungi kundagi murakkab ekologik vaziyat, tabiatni muhofaza qilish muammolari hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berib oʻtdi. Bugungi kunda ozon qatlamining yemirilishi natijasida oxirgi 50 yil ichida bir qancha kasalliklar, jumladan teri raki, koʻz kataraktasi, turli dermatitlar bilan kasallanish holatlari ortgani hamda ozon qatlamini muhofaza qilish ushbu kasalliklarni oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

  Shuningdek, tadbir davomida ayni damda butunjahon ekologik muammosiga aylanib ulgurgan Orol dengizining holati, uni muhofaza qilish dolzarb masala ekanligi alohida taʼkidlandi. Davra suhbatida talabalar oʻzlarini qiziqtirgan bir qator savollarga atroflicha javob olish imkoniyatiga ega boʻldilar.


SamDTU matbuot xizmati