Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​SamDTU koʻp tarmoqli klinikasida neyroxirurgiya boʻyicha xalqaro seminar boʻlib oʻtdi

  2022 yil 8 avgustda Samarqand davlat tibbiyot universiteti koʻp tarmoqli klinikasida Turkiyaning Medical Park Health Group kompaniyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy mikroneyroxirurgiyaning imkoniyatlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar va master-klass tashkil etildi. Xalqaro tadbirda Turkiyaning Istanbul shahridagi Medical Park Health Group Altinbash Universitesi yetakchi mutaxassis, professor Sait Ozturk ilmiy maʼruzalar qilib oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdi. Seminarda 40 dan ortiq mutaxassislar, shu jumladan jumladan neyroxirurglar, nevropatologlar, psixiatrlar, pediatrlar, magistratura rezidentlari, klinik ordinatorlar va talabalar faol qatnashdilar.

  Ilmiy-amaliy seminarda bugungi kunda neyroxirurgiya, nevrologiya va psixiatriya sohalarining eng dolzarb muammolaridan hisoblanuvchi markaziy nerv tizimiga tegishli harakat buzilishlari, farmakorezistent epilepsiyalarni zamonaviy jarrohlik yoʻli bilan davolash boʻyicha prezentatsiyalar qilindi. Jumladan, seminar ishtirokchilariga “Farmakorezistent epilepsiyalarda sayyor nervini stimulyatsiya qilish” va “Harakat buzilishlarida bosh miya chuqur strukturalari stimulyatsiyasi” mavzularida qilingan prezentatsiyalar juda foydali boʻldi, koʻplab savollarga tajribalar va misollar asosida javob berildi.

  Dastur doirasida professor Sait Ozturk neyroxirurgiya klinikasida davolanayotgan murakkab bemorlarni koʻrib konsultatsiya qildi, master-klass tarzida “Xiazmal-sellyar sohadagi oʻsma” bilan bemorning operatsiyasida, klinika vrach-neyroxirurglari bilan, tajribalarini boʻlishdi.

  Seminar soʻngida SamDTU va Turkiyaning Medical Park Health Group kompaniyasi oʻrtasida kadrlar tayyorlash, funksional neyroxirurgiyani rivojlantirish va operatsiyalarni bevosita universitetimiz klinikasida oʻtkazish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.



SamDTU matbuot xizmati