Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​“Samarqand kelajak javohirlari” klubi aʼzolari bilan uchrashuv

  29-aprel kuni Samarqand viloyat hokimligi tashkiliy nazorat guruhi rahbari Begzod Rahmatullayevni Samarqand davlat tibbiyot universitetining iqtidorli bitiruvchi talabalari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni 2022 yil 4-mart “Oliy taʼlim muassasalari talabalari bandligini taʼminlash orqali ularning turmush darajasini yaxshilash chora-tadbirlariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi”ni ijrosi yuzasidan oʻtkazildi.

  Uchrashuvni SamDTU rektori Jasur Rizayev ochib berib soʻnggi yillarda oliygohda amalga oshirilib kelayotgan oʻzgarishlar va islohotlar haqida gapirib berdi. B. Rahmatullayev oʻz nutqida bitiruvchi kurs talabalari kelgusida qaysidir muassasaning xodimi yoki rahbari boʻlib faoliyat yuritishi mumkinligi hamda ular tibbiyotning eng talab yuqori boʻlgan sohalarida oʻz bilim va koʻnikmalarini ishga solishlari kabi masalalar eʼtibor markazida ekanligini, bugungi kunda bitiruvchi kurslarni ish bilan taʼminlash, ularning oʻz mutaxassisliklari boʻyicha faoliyat yuritishlariga imkoniyat yaratish muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab oʻtdi.

  Uchrashuv davomida bitiruvchi kurs talabalarini ish bilan taʼminlash, ularni viloyatda faoliyat olib borayotgan davlat idoralari hamda tashkilotlaridagi boʻsh ish oʻrinlariga ishga joylashtirish, talaba-yoshlarning takliflarini inobatga olgan holda qoʻshimcha yangi ish oʻrinlarini yaratish kabi masalalar muhokama qilindi.

  Shuningdek, Samarqand viloyati hokimligi tasarrufida tashkil etilgan “Samarqand kelajak javohirlari” zaxira kadrlar klubi tarkibiga kiritilgan Samarqand davlat tibbiyot universitetining 50 nafar bitiruvchi kurs talabalarining kelgusidagi rejalari va kelajakda qaysi soha vakili yoki qanday tizimda faoliyat olib borishlari kabilar bilan yaqindan tanishib chiqildi.




SamDTU matbuot xizmati