Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

​Turkiyani “Acibadem Healthcare Group” bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi

  Prezidentimizning 2021 - yil 24 - oktyabrdagi Samarqand viloyati saylovchilari bilan uchrashuvda mintaqaning “tibbiyot xabi”ga aylantirilishi, kelgusi besh yilda Toshkentda koʻrsatilayotgan ixtisoslashgan tibbiy xizmatlarning barchasi Samarqandda ham yoʻlga qoʻyilishi, jumladan kelgusi yilda Samarqand davlat tibbiyot instituti klinikasi negizida Mintaqaviy neyroxirurgiya markazi tashkil etilib, 10 dan ortiq jarrohlik amaliyotlari yoʻlga qoʻyilishi rejalari haqida maʼlum qilinishi institut professor-oʻqituvchilariga katta masʼuliyat va vazifalar yukladi.

  Mintaqadagi sogʻliqni saqlash, xususan nevrologiya va neyroxirurgiya sohasidagi ixtisoslashgan xizmatni zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish, rivojlantirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot instituti 1-son klinikasini bosh shifokori — davolash ishlari boʻyicha prorektori, nevrologiya kafedrasi professori, t.f.d. N.N. Abdullaeva va neyroxirurgiya kafedrasi dotsenti, PhD M.A. Alievlar 2021 yil 25-30 oktabr kunlari Turkiyaning “Acibadem Healthcare Group” xususiy sogʻliqni saqlash tizimining rasmiy taklifi bilan “Acibadem”ning Istanbul shahridagi tibbiy shifoxonalari va tibbiyot universitetida xizmat safarida boʻlishdi. Xizmat safari davomida institutimiz delegatsiyasi nevrologiya va neyroxirurgiya boʻyicha ilmiy-amaliy seminarlarda, malaka oshirish kurslarida qatnashdilar.

  “Acibadem Healthcare Group” yaxlit xususiy sogʻliqni saqlash tizimi boʻlib, Turkiyaning Istanbul shahrida 1991 yilda tashkil etilgan va bugungi kunda jahonning 4 ta davlatida joylashgan 21 ta xospitallar, 13 ta klinikalarda 22500 ta ishchilar, 7500 ta professional tibbiyot xodimlari faoliyat koʻrsatishadi.

  Institutimiz delegatsiyasi “Acibadem Healthcare Groupning Xalqaro aloqalarni rivojlantirish departamentida boʻlib shu boʻlim direktori Ilyas Benveniste va departamentning Markaziy Osiyo davlatlari boʻyicha menejeri Sabina Mustafaoglu bilan uchrashib, rejalar, oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi. Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot instituti va “Acibadem Healthcare Group” oʻrtasida malaka oshirish va stajirovka kurslari orqali mutaxassislarni tayyorlash, bemorlarni davolash, sogʻliqni saqlashni tashkillashtirish kabi yoʻnalishlarni oʻz ichiga oluvchi xalqaro hamkorlik qilishga kelishib olindi.

  2021 - yil 26 - oktabrdaAcibadem-Atakent” universitet klinikasiga tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilarimiz shifoxona boʻlimlari, ish jarayoni bilan tanishdilar. SamDTI davolash ishlari boʻyicha prorektori, t.f.d., professor N.N. AbdullaevaAcibadem-Atakent” universitet klinikasining zamonaviy boshqaruv tizimini, rivojlantirish istiqbollari boʻyicha tajribalarini oʻrgandi va SamDTI va uning 1-klinikasi haqida maʼruza qildi. Neyroxirurgiya kafedrasi dotsenti, PhD M.A. AlievAcibadem-Atakent” universitet klinikasining neyroxirurgiya departamenti professori Kenan Koc bilan murakkab neyroxirurgiya operatsiyada ishtirok etdi va zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash boʻyicha malaka oshirdi.

  2021 - yil 27 - oktabrda SamDTI delegatsiyasi “Acibadem-Altunizade” klinikasida boʻlishdi va “Bolalar neyroxirurgiyasi” departamenti rahbari professor Memet Oʻzek ishtirokidagi ilmiy seminarda qatnashdilar. Ilmiy seminarda bolalar neyroxirurgi kasalliklarining eng zamonaviy diagnostika va davolash usullarining natijalari, yutuqlari prezentatsiya qilindi. Anjuman soʻngida SamDTI neyroxirurgiya klinikasi amaliyotiga epilepsiyalar xirurgiyasi, neyroendoskopik xirurgiya, bolalarda spastik holatlar xirurgiyasi operatsiyalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi. Bu borada 2022 yilda SamDTI klinikasida professor Memet Oʻzek ishtirokida master-klass va ilmiy-amaliy oʻquv kurslari tashkil etilishi rejalashtirildi. Institutimiz professor-oʻqituvchilari “Acibadem-Altunizade” klinikasining motor buzilishlarni oʻrganish laboratoriyasi, radioxirurgiya departamenti bilan tanishdilar. Radioxirurgiya departamentidagi eng zamonaviy hisoblanuvchi Gamma-Knife Icon, Tomotherapy, Novalis apparatlarining ishlash jarayonini oʻrganishdi.

  Acıbadem Universitetning nevrologiya va neyroxirurgiya yoʻnalishlari boʻyicha magistratura talabalariga dotsent, PhD M.A. Aliev maʼruza oʻtkazdi. “Acibadem-Maslak” klinikaning “Bolalar onkologiya” departamenti rahbari Professor Dr. Funda Vesile Chopracioglu ishtirokidagi bolalar onkologik kasalliklarida radioterapiyaning zamonaviy muammolariga bagʻishlangan ilmiy seminarda ishtirok etildi va klinikaning ish jarayoni va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishildi.

  Delegatsiya “Acıbadem University” rektori professor Dr. Ahmet Shahin bilan uchrashib, esdalik sovgʻalari topshirildi. Uchrashuvda Samarqand davlat tibbiyot instituti va Acıbadem University oʻrtasida xalqaro hamkorlik aloqalari oʻrnatish, akademik mobillik, ilmiy va pedagogik tajriba almashinuvi, Acıbadem University ning simulyatsion markazi imkoniyatlari va tajribasidan foydalanish boʻyicha kelishuvga erishildi.





SamDTI matbuot xizmati