Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Institutni faol talaba-yoshlari uchun Toshkentga sayohat uyushtirildi

  Prezidentimizning yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish hamda ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish boʻyicha ilgari surgan beshta muhim tashabbuslari hamda 2021-yil 9-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan.

  Shu maqsadda SamDTI ham 2021-2022 oʻquv yilida talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, maʼnaviy-maʼrifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirishga yoʻnaltirilgan ishlar amalga oshirib borilmoqda.

  Samarqand davlat tibbiyot instituti rektorati tashabbusi bilan institutda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol va iqtidorli bir guruh talabalarini ragʻbatlantirish maqsadida, Poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohat tashkil etildi.

  Sayohatning tashkil qilishdan asosiy maqsad yurtimizning diqqatga sazovor tarixiy obidalari, boy tarixiy manzilgohlarni oʻrganish hamda yurtimizda olib borilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni Toshkent shahri misolida koʻrsatish va talabalar qalbida vatanparvarlik, milliy gʻurur va iftixor hissini yanada rivojlantirishdir.

  Talaba yoshlarimiz dastlab, Yangi Oʻzbekiston bogʻiga borishib u yerda qad rostlagan “Istiqlol” majmuasi bilan yaqindan tanishib, uchinchi renessansning poydevori boʻlgan ulkan bunyodkorlik ishlarini oʻzgacha hayajon bilan koʻrib chiqdilar.

  Shundan soʻng Poytaxtdagi Gʻalaba bogʻiga, I.Karimov qarorgohi (Oqsaroy), Mustaqillik maydonlarida boʻlishib, ushbu maskanlarda tashkil etilgan muzeylardagi eksponatlar bilan yaqindan tanishib, oʻzlarini qiziqtirgan maʼlumotlarga ega boʻlishdi.

  Shuningdek, sayohat ishtirokchilari “ICE CITY” muz saroyiga va MAGIC CITY“ bogʻiga hamda ”Toshkent city” hududlarida ham boʻlishib, keng bunyodkorlik ishlari bilan tanishishdi.

  Talabalarga sayohat jarayonida SamDTI Davolash fakulteti dekan oʻrinbosari Nabiyev Tolib Xamidovich, Yoshlar ittifoqi Boshlangʻich tashkilot yetakchisi Abbasov Xojimuxammad Xabibullayevich va institut psixologi Djurayeva Dilorom Abdurashitovna rahbarlik qilib, sayohat asnosida talabalarga yurtimizning diqqatga sazovor joylarini, tarixiy obidalar va zamonaviy inshootlar haqida oʻzlari bilgan qimmatli maʼlumotlarini berib borishdi.



SamDTI matbuot markazi