Ilmiy to'garak
Fiziologiya kafedrasida talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlari «Yosh fiziologlar» deb nomlangan talabalar ilmiy to‘garagi yig‘ilishlarini tashkil etish hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti Talabalar ilmiy jamiyati (TIJ) doirasida kafedra tomonidan tuzilgan yillik reja asosida amalga oshiriladi.
Ilmiy to‘garak faoliyati yil davomida tasdiqlangan reja asosida oyiga 2 marotaba o‘tkaziladi. Har bir talaba kafedra o‘qituvchilariga biriktirilgan bo‘lib, «ustoz-shogird» an’anasiga muvofiq, o‘zlarini qiziqtirgan mavzularda ilmiy rahbarlari bilan birgalikda ilmiy izlanishlar olib boradi.
To‘garak yig‘ilishlarida mahalliy va xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda ishtirok etish, talabalarning ritorik (oratorlik) qobiliyatini shakllantirish, bajarilgan ishlar samaradorligi hamda ilmiy tadqiqot natijalari tahlil qilinadi. Bundan tashqari, har bir to‘garak yig‘ilishida laboratoriya mashg‘ulotlari o‘tkazilib, talabalar amaliy ko‘nikmalarni mustaqil ravishda egallaydilar.
Har bir talaba ilmiy izlanishlari davomida yig‘gan ma’lumotlari va olgan natijalari asosida tayyorlagan tadqiqot ishlarini TIJ yig‘ilishlarida taqdim etib boradi. Ilmiy tadqiqotlar natijalari bo‘yicha tayyorlangan maqola va tezislarning eng dolzarblari saralab olinib, respublika hamda xalqaro tanlovlarda va ilmiy-amaliy konferensiyalarda chop etiladi. Shuningdek, to‘garakka yangi a’zo bo‘lgan talabalar uchun kafedraning ilmiy salohiyatga ega, tajribali o‘qituvchilari tomonidan ilmiy faoliyatga bag‘ishlangan mahorat darslari (master-klasslar) o‘tkaziladi.
To‘garak faoliyatiga mas’ul rahbar — o‘qituvchi Alimova Ozoda, hozirgi kunda assisent lavozimida faoliyat yuritadi hamda bir qancha ilmiy ishlar, maqolalar, o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar muallifidir.
TIJ sardori: Xabibullayev Shahboz, Davolash fakulteti 3-bosqich talabasi. U 7 ta ilmiy maqola muallifi va hammuallifi, SamDTUda bo‘lib o‘tgan «Samarqand-2020» V xalqaro olimpiadasining II darajali diplomi sohibi, «Rektor stipendiyasi» nomzodi, shuningdek, 3 ta sertifikat, 2 ta faxriy yorliq va 2 ta minnatdorchilik xati egasidir.
Joriy yilda to‘garakning 12 nafar iqtidorli talabasi O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlarda tashkil etilgan xalqaro olimpiadalarda ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallashdi. «Yosh fiziologlar» ilmiy to‘garagi a’zolari tomonidan respublika nashrlarida 10 dan ortiq, xalqaro va xorijiy jurnallarda esa 20 ga yaqin maqola va tezislar chop etildi.
«Yosh fiziologlar» to‘garagi fiziologiya faniga hamda kelajakda ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib borishga qiziqqan barcha talabalarni chorlab qoladi va ularning erishgan yutuqlarini doimiy munosib rag‘batlantiradi.

«Yosh fiziologlar» talabalar konferensiyasining ochilishi

«Yosh fiziologlar» konferensiyasi gʻoliblarini taqdirlash