Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari SamDTUning ko‘p tarmoqli klinikasi va universitet xuzuridagi markazlar faoliyati bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Sunnatovich Imamov hamda Milliy antidoping agentligi bosh direktori Abdushukur Abdudjamilevich Sadikovlar joriy yilning 4-sentyabr kuni universitetning ko‘p tarmoqli klinikasiga tashrif buyurdilar.
Mehmonlar dastlab Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va markaz qoshida yangi tashkil etilgan 3D modellashtirish va sun’iy intellekt ilmiy-tadqiqot ishlab chiqarish laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
SamDTU rektori, professor Jasur Rizaev va markaz direktori Mansur Aliev muassasada aholiga ko‘rsatilayotgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar, davolash hamda neyroreabilitatsiya jarayonlarida tatbiq etilayotgan ilg‘or uslublar haqida batafsil ma’lumot berdilar.
Shuningdek, mehmonlar klinika xududida amalga oshirilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, xirurgik binoda yaratilgan sharoitlar, uning moddiy texnika bazasi, klinika mutaxassislari va universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan bajarilayotgan yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyotlari bilan ham tanishib chiqishdi.
Tashrif davomida yaqinda faoliyatini boshlagan Universitet huzuridagi Immunologiya, allergologiya va inson genomikasi ilmiy-amaliy markazining eng zamonaviy, so‘nggi rusumdagi laborator asbob-uskunalar bilan jixozlangan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ham ko‘zdan kechirishdi. Mexmonlarga yo‘lga qo‘yilgan molekulyar biologiya, genomika, mitoxondrial biologiya, hujayralarni kultivatsiya qilish, PZR, genomik sekvenirlash, DNK ekstraksiyasi, gistokimyo va immunogistokimyo, biokimyoviy hamda mikrobiologik tadqiqotlar xonalari ko‘rsatib o‘tildi va tegishli ma’lumotlar berildi.
Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari klinikada SamDTU rektorati bilan xamkorlikda amalga oshirilgan bunday keng ko‘lamli amaliy ishlarga, ayniqsa ilm-fan va amaliyotning uyg‘unligiga alohida e’tibor qaratilganligiga yuqori baho berdi. U o‘z so‘zida ushbu yutuqlar Prezidentimiz va hukumatimiz tomonidan mamlakatimiz tibbiyoti hamda oliy ta’lim sohalarini rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori, yosh olimlar va shifokorlar uchun yaratib berilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlarning yorqin natijasi ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.






