Mamlakatimiz tibbiyot tizimida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta'lim muassasalari o'rtasida aloqalarni mustahkamlash va ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliyotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Tojikiston stomatologlarining IV qurultoyi mintaqa tibbiyot xodimlari uchun ana shunday muhim muloqot maydonlaridan biri bo‘ldi.
2026-yilning 17-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Tojikiston Stomatologlar assotsiatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda O’zbekiston, AQSh, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning yetakchi olimlari va soha mutaxassislari jam bo'ldi.
Ahamiyatli jihati shundaki, ushbu xalqaro anjumanda O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirligi tizimidagi yetakchi oliygohlardan biri – Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi ham qatnashib, tadbir ishida faol ishtirok etdi.
Anjuman doirasida zamonaviy stomatologiya va yuz-jag‘ jarrohligi sohasidagi innovatsion texnologiyalar, yangi diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish masalalari keng muhokama qilindi.
Qurultoy yakunida ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va Tojikiston tibbiyot xodimlari, xususan, Samarqand davlat tibbiyot universiteti va qo'shni davlat tibbiyot muassasalari o'rtasidagi bu kabi o'zaro tajriba almashinuvlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu kabi xalqaro maydondagi faol ishtirok nafaqat yurtimizda stomatologiya va yuz-jag' jarrohligi xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga, balki butun mintaqada tibbiy xizmat ko'rsatish darajasini yuksaltirishga munosib hissa qo'shadi.









SamDTU Matbuot xizmati