Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

O‘zbekistonda tibbiyot rivoji va zamonaviy sog‘liqni saqlash tizimi qanday shakllangan?

O‘zbekiston hududida qadim zamonlarda yashagan xalqlarning tibbiyoti haqida birinchi yozma ma’lumotlarni zardushtiylar kitobi «Avesto»dan topamiz.

  Avesto Markaziy Osiyo, Eron va Ozarbayjon hududida yashagan xalqlarning aqidalari haqidagi kitob. Kitob qismlaridan bo‘lgan «Vendidat»da yozilishicha, birinchi bo‘lib Trita ismli zot tabiblik bilan shug‘ullangan va u odamlarni kasallik va o‘limdan saqlagan. Tritaga yaxshilik «ilohi» Oxuramazda kasallarni davolash uchun samodan 10 mingta xil dori yuborgan.
  Trita shuningdek, Xaoma deb ataluvchi mast qiluvchi va narkotik xususiyatga ega bo‘lgan ichimlikni kashf etgan, Xaoma esa hayot va salomatlik manbai deb atalgan. Kitobda Trayeton ismli tabib haqida ham ma’lumot keltirilgan va islomgacha uni tabiblik «ilohi» deb atagan.
Avestoda tibbiyotning kelib chiqishi haqida yana bir rivoyat bor. Unda aytilishicha, odamlarga tabiblik san’atini Yima ismli zot o‘rgatgan. Bu zotni Nuh payg‘ambarga nisbat qiladilar. Avestoda odam anatomiyasi va fiziologiyasi haqida ham ba’zi ma’lumotlar mavjud. Unda odam gavdasi quyidagi 8 qismdan iborat, deb ko‘rsatilgan: suyaklar, muskullar, yog‘lar, miya, tomirlar, qon, jigar va jigar o‘ti hamda ikki xil tomir mavjudligi ko‘rsatilgan.

BIRINCHI RENESSANSNING HAQIQIY POYDEVORI...

  Muqaddas Islom dini mintaqamizga kelganidan so‘ng boshlangan tarixiy davr birinchi Renessansning haqiqiy poydevori bo‘ldi desak, adashmagan bo‘lamiz.
  Masalan, XI asrda faoliyat ko‘rsatgan Xorazmdagi Ma’mun akademiyasida zamonasining mashhur olimlari, shu jumladan, Abu Nasr Mansur ibn Ali ibn Iroq al Ja’diy (10a. — 1034), Abulxayr ibn Hammor (941 — 1048), Abu Saxl Iso ibn Yahyo al-Masihiy (970—1011), Abu Rayhon al Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Ahmad ibn Miskavayh (1030 y. v. e.) va boshqalar faoliyat ko‘rsatgan. Bu olimlar Gretsiya, Yaqin va O‘rta Sharq, Hindiston ilm-fan yutuqlarini ijodiy, tanqidiy o‘rganib, uni yanada yuksak bosqichga ko‘targanlar. Masalan, Abu Sahl al Masihiy Ibn Sinoning ustozi bo‘lgan.
  Ibn Sino jahon fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ensiklopedik olim hisoblanadi. Buyuk alloma Ibn Sino jahon fani tarixida qomusiy olim sifatida tan olingan, chunki u o‘z davridagi mavjud fanlarning qariyb barchasi bilan shug‘ullangan va ularga oid asarlar yozgan.
Turli manbalarda uning 450 dan ortiq asar yozganligi qayd etilgan, lekin bizgacha 242 tasi yetib kelgan. Shulardan, 80 tasi falsafaga, 43 tasi tabobatga oid bo‘lib qolganlari mantiq, psixologiya, tabbiyot, astronomiya, matematika, musiqa, kimyo, axloq, adabiyot va tilshunoslikka bag‘ishlangan. Ayniqsa, uning tibbiyot va falsafaga oid kitoblari jahonning ko‘pgina tillariga tarjima etilib, asrlar davomida qayta-qayta nashr qilib kelinmoqda. Sharq mamlakatlarida «Shayx-ar-rais» («Donishmandlar sardori») nomi bilan, G‘arbda esa «Avitsenna» sifatida mashhur bo‘ladi. Buyuk alloma tomonidan yaratilgan «Tib qonunlari» asari Yevropa universitetlarida bir necha asr mobaynida darslik sifatida qo‘llanilgan.

IKKINCHI RENESSANS: TIBBIYOT RIVOJIGA KATTA AHAMIYAT BERILGAN

  Ikkinchi Renessans, ya’ni Temuriylar davrida ham tibbiyot rivojiga katta ahamiyat berilgan. Masalan, Samarqandda «Dorush-shifo» («Shifo maskani») nomli yirik kasalxona bo‘lib, unga o‘z zamonasining taniqli tabiblari – Mir Sayid Sharif Sheroziy rahbarlik qilgan. Shu davr Samarqandda boshqa mashhur tabiblar, shu jumladan, Mansur ibn Muhammad, Mavlono Fayzulloh Tabriziy va Hisobiddin Ibrohim Kirmoniylar yashab o‘z faoliyatini olib borgan. Shifoxonalarda ishlovchi tabiblarga yaxshi maosh to‘langan, hukmdorlarni maxsus farmonlari bilan ularning maoshi olimlar, munajjimlar, tarixnavislar va muhandislarning maoshlariga tenglashtirilgan.

UCHINCHI RENESSANS POYDEVORIDA TURGAN O‘ZBEKISTON

  O‘zbekiston Respublikasida aholi salomatligi va sog‘liqni saqlash tizimi mustaqillikning birinchi kunlaridanoq davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatimizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishning samaradorligi, sifati va qulayligini oshirish ta’minlandi, BMT Ming yillik rivojlanish maqsadlarining asosiy parametrlariga erishildi.
  Mustaqillik yillarida sog‘liqni saqlash sohasida mamlakatimiz erishgan yutuqlarga xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy baho berildi. Masalan, aholining umr ko‘rishi 4,6 yoshga - 1995-yildagi 69,1 yoshdan 2020-yilda 73,7 yoshga oshdi. Onalar o‘limi ko‘rsatkichi 3,1 baravarga kamayib, 100 ming nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 21 ta holatni tashkil etdi, chaqaloqlar o‘limi esa 3,1 baravarga kamayib, 1000 nafar tirik tug‘ilgan chaqaloqqa nisbatan 11,5 ta holatni tashkil etdi. Bolalarda eng ko‘p uchraydigan kasalliklarga qarshi emlash va profilaktika tadbirlari bilan qamrab olish darajasi 96 - 98 foizda qat’iy saqlanib turibdi.
  Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks profilaktika, epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyena tadbirlarining joriy etilishi o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar (o‘lat, vabo), poliomiyelit, difteriya, chaqaloqlar qoqsholi, mahalliy kelib chiqqan bezgak, qizamiq va qizilcha yuzaga kelishidan to‘liq himoya qilish imkonini berdi.
  Poliomiyelitning yovvoyi shtammi (2002-yil), qizamiq va qizilcha (2017-yil), bezgak (2018-yil) yo‘q qilinganligi to‘g‘risida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining sertifikatlari olindi.
  Tibbiyot tizimiga malakali kadrlarni tayyorlash uchun O‘zbekistonda bir nechta oliy o‘quv yurtlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shu jumladan, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Samarqand davlat tibbiyot instituti, Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali, Toshkent tibbiyot pediatriya instituti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent farmatsevtika instituti, Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti, Andijon davlat tibbiyot instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti malakali kadrlarni tayyorlab bermoqda.
  Respublikaning milliy sog‘liqni saqlash tizimida yagona axborot bazalarini yaratish bo‘yicha talaygina chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda. Bu bilan kasalliklarni barvaqt aniqlash darajasi oshadi va kasalliklarning masofali profilaktikasini joriy etish, bemor haqidagi tibbiy ma’lumotlarni darhol olish imkoni paydo bo‘lgan. Uning natijasida shifokor va bemor o‘rtasidagi aloqa yangi bosqichga ko‘tarildi.
Mamlakatimizda «Onalik va bolalik»ni muhofazasiga ham katta e’tibor berilmoqda, masalan, shu joriy yildan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Bu jarayon bilan 2021-yilda – 11 million nafar, 2022-yilda – 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan. Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi.
  Pandemiyaga qarshi kurashish uchun 200 mingdan ziyod tibbiyot xodimi, jumladan, chet ellik 150 nafar yuqori malakali shifokor va mutaxassislar jalb etildi. Xorijdan 600 mingdan ortiq vatandoshlarimiz yurtimizga olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin fuqarolarimizga zarur yordamlar ko‘rsatildi. Pandemiya oqibatlarini yumshatish va bartaraf etish uchun davlat tomonidan jami 82 trillion so‘mlik kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etilib, koronavirusga qarshi kurashish, aholi va korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq tadbirlarga byudjetdan 16 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, davlat korxonalariga va 500 mingdan ziyod tadbirkorlik sub’ekti hamda qariyb 8 million fuqaroga jami 66 trillion so‘mlik soliq imtiyozlari, kredit muddatlarini uzaytirish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy yordamlar berildi.
  Mamlakatimizda tuzilgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati doirasida fidoyi va olijanob vatandoshlarimizning faol ishtirokida 800 mingdan ziyod ehtiyojmand oilalarga 1 trillion so‘mdan ortiq moddiy yordam ko‘rsatildi.
  Sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni o‘z vaqtida boshlab, to‘g‘ri yo‘l tanlaganimiz uchun kutilmagan pandemiya qarshisida sarosimaga tushib qolmadik. Xalqimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash maqsadida zudlik bilan barcha tadbirlarni ishlab chiqdik. Jumladan, koronavirusga qarshi kurashish uchun maxsus tibbiy markazlar tashkil etildi. Dori-darmon va himoya vositalarining zaxirasi shakllantirildi.
  Hududlarda ishga tushirilgan 60 ta kislorod stansiyasi tegishli shifoxonalarni kislorod bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qilmoqda.   Mamlakatimizda vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi. O‘z paytida ko‘rilgan tezkor va tizimli choralarimiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi va natijada respublikamizda osoyishta hayot, barqaror iqtisodiy rivojlanish davom etmoqda.
  Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Uchinchi Renessans poydevorida turgan O‘zbekiston Respublikasida bugungi kundagi tibbiyot tizimi hamda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish ishlari jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda.


Jasur Rizayev,
Samarqand davlat tibbiyot instituti rektori, professor

Manba: uza.uz