×
Menu
Close Menu

​XUSINOV ATABAY AVEZOVICH

  Yurtimizning fidoyilaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasi va oliy ta’lim tizimi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur patofiziolog olim, tibbiyot fanlari doktori, professor Xusinov Atabay Avezovich 92 yoshida vafot etdi.

  A.A.Xusinov 1933-yil 5-oktyabrda Xorazm viloyati Xiva shahrida tug‘ilgandi. 1956-yilda I.P. Pavlov nomidagi Samarqand davlat tibbiyot institutini a’lo baholar bilan tamomlagan edi. 

  1956-1959 yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida Patologik fiziologiya kafedrasi aspiranti, 1960-yilda tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik, 1973-yilda doktorlik ilmiy dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qilib, 1964-yilda dotsent, 1976-yilda professor ilmiy unvonlariga sazovor bo‘lgan.

  Ustoz yaxshi olim bo‘lish barobarida rahbarlik salohiyatini ham namoyon etdi. 1976-1995 yillar va 2001-2006 yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida Patologik fiziologiya kafedrasi mudiri, 1995-2001 yillarda 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filialida Patologik fiziologiya kafedrasi mudiri, 2006-2016 yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutida Patologik fiziologiya kafedrasi professori, 2018-2023 yillarda 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti Urganch filialida Patologik fiziologiya kafedrasi professori kabi lavozimlarda faoliyat ko‘rsatdi. 

  Professor A.A.Xusinov rahbarligida 13 ta nomzodlik va 1 ta doktorlik dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Ustoz 4 ta darslik, 200 dan ortiq ilmiy va o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar muallifi hisoblanib, ularning aksariyat qismi ingliz tilida xorijda ham nashr etilgan. 

  A.A.Xusinov uzoq yillar davomida Samarqand davlat tibbiyot institutida olim kotib sifatida mehnat qilgan, xalqaro kongresslarda faol ishtirok etgan. 

  Fidokorona mehnatlari uchun hukumatimizning yuksak e’tirofi sifatida O‘zbekiston Respublikasi, Samarqand va Xorazm viloyatlarining Faxriy yorliqlari, “O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi nomidan “Заслуженный профессор” (“O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan professor”) ilmiy unvoni bilan mukofotlangan.

  Atabay Xusinovning fidoyiligi, jonkuyarlik va insoniylik fazilatlari qalbimizda mangu yashaydi.

Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektorati va Kasaba uyushmasi qo‘mitasi