Axmedova Muboraxon Djalilovna
(1947-2025)
Tibbiyot fanlari doktori, professor Axmedova Muboraxon Djalilovna – yuqumli kasalliklar ilm-fan sohasining rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shgan olima, fan bo‘yicha tajribali pedagog, nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki bir qator xorijiy davlatlar va MDH davlatlarida tanilgan professordir.
Axmedova Muboraxon Djalilovna 1947-yil 15-oktabrda Andijon shahrida ziyolilar oilasida tavallud topgan. 1965-yilda Toshkent Davlat Tibbiyot instituti sanitariya-gigiena fakultetiga o‘qishga kirib, ushbu institutni 1971-yilda imtiyozli diplom bilan tugatdi.
O‘qishni tugatgandan Toshkent viloyati sanitariya-epidemiologiya stansiyasining o‘ta xavfli kasalliklar bo‘limiga bakteriolog lavozimiga qabul qilindi. Ish jarayonida o‘ta xavfli kasalliklarning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini sinchiklab o‘rgandi. So’ngra Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutiga kichik ilmiy xodim lavozimiga(1973-1983yy) taklif qilindi. 1982-yilda kuydirgi kasalligi bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini Moskva shahrida himoya qildi. So‘ng Toshkent davlat ikkinchi tibbiyot institutiga yuqumli tropik kasalliklar kafedrasining assistenti lavozimiga ishga qabul qilindi. 1991-yildan 2012-yilgacha Toshkent Tibbiyot Akademiyasida yuqumli va bolalar yuqumli kasalliklari kafedrasi mudiri bo‘lib ishlash bilan birgalikda ilmiy izlanishini davom ettirdi. 1994-yil homilador ayollarda virusli gepatit V kechishi mavzusida doktorlik dissertatsiyasini Moskva shahrida yoqladi, professorlik unvoniga sazovor bo‘lgach, Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti direktori va ixtisoslashtirilgan kengash raisi lavozimida ishlay boshladi.
Olima rahbarligi ostida 4 ta doktorlik, 34 ta nomzodlik dissertatsiyalari yoqlangan. Yana 3 ta doktorlik dissertatsiyalariga ilmiy rahbarlik qilgan. Professor Muboraxon Axmedova 2 ta o‘quv adabiyoti, 5 ta monografiya, 30 dan ortiq o‘quv- uslubiy qo‘llanmalari, 600 dan ortiq ilmiy ishlar muallifidir.
Professor M.D.Axmedovaning O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni Saqlash tizimining yuqumli kasalliklar sohasida qilgan mehnatlari inobatga olinib “Sog‘liqni saqlash a’lochisi” medali bilan taqdirlangan. Uning nomi “O‘zbekistonning fidoiy ayollari” kitobiga kiritilgan. Ko‘p yillar davomida Yevro-Osiyo infeksionistlar jamiyatining vitse-prezidenti, 2006-yildan Rossiya Federatsiyasining tibbiyot va texnika fanlari akademiyasining akademigi hisoblanadi. M.D.Axmedova 2022-yil Yevro-osiyo kongressida “V.I.Pokrovskiy” medali bilan taqdirlangan.
Muboraxon Djalilovna Axmedova 2000-yilda O‘zbekiston Respublikasi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutiga direktor etib tayinlandi.
Professor M.D.Axmedova Rossiya Federatsiyasining Irkutsk Davlat tibbiyot universiteti, O‘zbekiston Respublikasining Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro Davlat tibbiyot instituti va Andijon Davlat tibbiyot institutlarining faxriy professoridir.
Professor M.D.Axmedova pedagogik va ilmiy faoliyat bilan birgalikda tajribali tashkilotchi sifatida shu kungacha yuqumli kasalliklar, epidemiologiya va mikrobiologiyaning dolzarb muammolarini o‘z ichiga qamrab olgan 40 dan ortiq yirik xalqaro miqyosdagi ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etgan va o‘tkazgan.
Ustoz mehnatsevar, tashabbuskor, o‘ziga va atrofdagilarga talabchan, g‘ayratli, odob-ahloqli, o‘ziga topshirilgan ishlarni vaqtida bajaradigan, hushmuomala, e’tiborli, samimiy va olijanob o‘zbek millatining olimalaridan biri edi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi marhuma olimaning oila a'zolariga chuqur hamdardlik bildiradi!