2024/2025 o‘quv yilida o‘qishga qabul qilingan talabalar uchun grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash bo‘yicha arizalar joriy yilning 20-iyuliga qadar https://interactive.sammu.uz/grants-contracts/all saytida onlayn tarzda qabul qilinadi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 10-martdagi 149-son qaroriga ilova qilingan “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga muvofiq ko‘rib chiqiladi.
Bunda, Ta’lim grantiga talabgorlardan joriy o‘quv yilidagi akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi (GPA) 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi. Talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari hisoblanib, 80 ballik mezon asosida mutanosib tarzda baholanadi (Akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichi talabgorning GPA ko‘rsatkichini 16 soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi).
Shuningdek, talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan baholash mezonlariga muvofiq Ijtimoiy faollikni aniqlash bo‘yicha Komissiya tomonidan aniqlanadi va 20 ballik mezon asosida baholanadi (Talabalarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi Nizomning 2-ilovasidagi baholash natijasini 5 soniga bo‘lish orqali hisoblanadi).
Taʼlim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faolligini aniqlash boʻyicha baholash mezonlariga koʻra talabalarning “Ijtimoiy faollik indeksi” quyidagi tartibda baholanadi:
- Kitobxonlik madaniyati – talabalarning oʻquv yili davomida oʻqigan (tavsiya etilgan) badiiy adabiyotlar boʻyicha test savollariga javoblari asosida;
- 5 muhim tashabbus doirasidagi toʻgaraklarda faol ishtiroki – talabalarning oliy taʼlim tashkilotida tashkil etilgan har bir toʻgarakdagi faol ishtiroki va talaba tomonidan toʻgarak tashkil etganligi asosida;
- talabaning akademik oʻzlashtirishi – talabaning GPA koʻrsatkichi asosida;
- talabaning oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksiga rioya etishi – talabalarning oliy taʼlim tashkilotining ichki tartib qoidalari va Odob-axloq kodeksida belgilangan talablarga rioya etishi boʻyicha guruh tyutori va boshqa masʼullar xulosasi asosida;
- xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi koʻrik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari – talabalarning xalqaro, respublika, viloyat miqyosidagi koʻrik-tanlov, fan olimpiadalari va sport musobaqalarida erishgan natijalari boʻyicha asoslovchi hujjat (diplom, sertifikat) asosida;
- talabaning darslarga toʻliq va kechikmasdan kelishi – talabalarning darslarga oʻz vaqtida kelishi hamda dars jadvaliga muvofiq tegishli auditoriyalarda darslarga toʻliq ishtirok etishi boʻyicha davomat natijalari asosida;
- talabalarning “Maʼrifat darslari”dagi faol ishtiroki – talabalarning “Maʼrifat darslari”dagi davomati natijalari va “Maʼrifat darslari”dagi faolligi asosida;
- volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligi – talabalarning volontyorlik va jamoat ishlaridagi faolligini tasdiqlovchi hujjat va guruh tyutori (4 va undan yuqori kurs talabalari uchun fakultet dekan oʻrinbosari)ning xulosasi asosida;
- teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflar – talabalarning teatr va muzey, xiyobon, kino, tarixiy qadamjolarga tashriflarini tasdiqlovchi hujjat va guruh tyutori (4 va undan yuqori kurs talabalari uchun fakultet dekan oʻrinbosari)ning xulosasi asosida;
- talabalarning sport bilan shugʻullanishi va sogʻlom turmush tarziga amal qilishi – talabaning sport klubiga aʼzoligi, maʼlum sport turi boʻyicha oliy taʼlim tashkiloti hamda ularning filialining terma jamoasi aʼzoligi, sport seksiya yoki toʻgaraklaridan birida faol shugʻullanishi boʻyicha tasdiqlovchi hujjat va guruh tyutori (4 va undan yuqori kurs talabalari uchun fakultet dekan oʻrinbosari)ning xulosasi asosida;
- maʼnaviy-maʼrifiy sohaga oid boshqa yoʻnalishlardagi faolligi – talabaning tengdoshlari oʻrtasida hamda ijtimoiy tarmoqlarda faolligi, vatanparvarlik, taraqqiyparvarlik, ilm-maʼrifat, tarbiya yoʻnalishlaridagi targʻibot ishlarida ishtirok etishi va boshqa tashabbuskorligi asosida.
Talabalar “Ijtimoiy faollik indeksi”ning asoslovchi hujjatlarini 10-iyulga qadar https://interactive.sammu.uz/grants-contracts/all platformasiga yuklaydi. Maxsus elektron platformaga yuklangan “Ijtimoiy faollik indeksi”ning asoslovchi hujjatlari ushbu metodikaning ilovasida belgilangan mezonlar asosida ko‘rib chiqiladi va 25-iyulga qadar baholanadi.
Shuningdek, talabalar “Ijtimoiy faollik indeksi”ning asoslovchi hujjatlarini hisoblash va baholash natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, 10 ish kuni ichida https://interactive.sammu.uz/application/leader sayti orqali onlayn tarzda murojaat qilishi mumkin.
Baholash mezonlari va normativ hujjatlar:
- Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizom
- Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 2-ilovasi
- Talabalarining “Ijtimoiy faollik indeksi”ni baholash mexanizmi
- O'qishga tavsiya etilgan badiiy adabiyotlar ro'yxati