Maxsus imkoniyatlar

Ko'rinish

A Oddiy
Kulrang rejim
Rasmsiz

Matn sozlamalari

Shrift: 18
Qator balandligi: 1.6

Matn tekislash

Shrift

Qo‘shimcha

O'qish uchun qulay shrift
O‘qish yo‘riqchisi
Katta kursor

Yurak ishemik kasalligida endotelial disfunksiyani pretsizion yondashuvlar yordamida davolash mumkinmi?

  Yurak ishemik kasalligi dunyo miqyosida aholi o‘limi va nogironligining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mazkur patologiyaning patogenezida qon tomirlarining ichki qavati — endoteliy funksiyasining buzilishi muhim o‘rin tutadi. Endotelial disfunksiya tomirlarning kengayishi va torayishi o‘rtasidagi me’yoriy muvozanatni izdan chiqarib, ateroskleroz progressiyalanishi uchun zamin yaratadi. Shu bois kasallikni erta bosqichlarda aniqlash va uning rivojlanish jarayoniga ta’sir ko‘rsatish zamonaviy tibbiyotning dolzarb vazifalari sirasiga kiradi. Samarqand davlat tibbiyot universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan «Yurak ishemik kasalligida endotelial disfunksiyani davolash uchun pretsizion yechimlarni joriy etish» mavzusidagi innovatsion amaliy tadqiqot granti aynan ushbu muammoni ilmiy jihatdan hal etishga qaratilgan.

  Loyiha rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Eleonora Tashkenbayeva boshchiligida olib borilayotgan mazkur ilmiy izlanish negizida pretsizion, ya’ni yuqori aniqlikdagi va individual yondashuv yotadi. Ma’lumki, bir xil tashxis qo‘yilgan bemorlarda ham kasallikning klinik kechishi, terapiyaga bo‘lgan javob reaksiyasi va asoratlar yuzaga kelish xavfi turlicha namoyon bo‘ladi. An’anaviy davolash usullari ko‘pincha barcha bemorlarga nisbatan bir xil mezonlar asosida qo‘llaniladi. Pretsizion yechimlar esa, aksincha, har bir bemorning individual xususiyatlarini inobatga olgan holda davolash taktikasini personallashtirish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida, farmakoterapiya samaradorligini oshirish, samarasiz dori vositalarini buyurishning oldini olish hamda bemorlarning hayot sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

  Loyiha davlat tomonidan moliyalashtirilmoqda. 2026-yil 1-iyul kuni Innovatsion rivojlanish agentligi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti, loyiha rahbari hamda Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi o‘rtasida davlat buyurtmasi asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

  Xulosa qilib aytganda, mazkur loyiha yurak ishemik kasalligiga qarshi kurashishda zamonaviy, ilmiy asoslangan yondashuvni tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamdir. Tadqiqot natijalari kardiologiya amaliyotiga joriy etilib, patologiyani erta bosqichda aniqlash, bemorlarga individual davo muolajalarini tanlash va yurak-qon tomir asoratlari xavfini kamaytirish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, loyiha tibbiyot fani va amaliyoti o‘rtasidagi integratsiyani mustahkamlab, yosh mutaxassislarning ilmiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.


Tibbiyot fanlari doktori, professor

Tashkenbayeva Eleonora Negmatovna