Ilmiy to'garak
SamDTU Xalqaro Ta’lim fakulteti Dotsent N.A.Abdullayev nomidagi 1-Ichki kasalliklar kafedrasida tashkil qilingan “Yosh terapevtlar” ilmiy to‘garagiga 2025-2026 o‘quv yilida 25 nafar maxalliy talabalar va 16 nafar xorijiy talabalar a’zo qilib olingan va ularning barchasi doimiy ravishda kafedrada o‘tkaziladigan to‘garakda faol qatnashib keldi. Har bir talaba kafedradagi professor-o‘qituvchilarga biriktirilgan va «ustoz-shogird» an’analariga muvofiq ilmiy izlanishlarda faol qatnashib kelmoqda.
Tugarak a’zolariga Ilmiy maqola va tezis tayyorlash, ularning turlari, tarkibiy qismlari, ilmiy adabiyotlar bilan ishlash qoidalari, materiallarni yig‘ish va ularni ustida ishlash uslublari, tadqiqotning natijalari va muhokamasi, ularni chop etish tartib qoidalari to‘g‘risidagi mahorat darslari kafedra mudiri va kafedra assistentlari tomonidan uzluksiz ravishda olib boriladi.

2025-2026 o‘quv yili davomida kafedramiz iqtidorli talabalari va ustozlari bilan birga bir nechta mahalliy va xorijiy ilmiy jurnallarda tezis va maqolalar chop etishdi va sertifikatlarni qo‘lga kiritishdi.

Kafedramizda talabalarning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Talabalar assistentlar bilan birgalikda ishlab, klinik mashg‘ulotlar davomida bemorlar bilan ishlash jarayonida bevosita ishtirok etadilar. Ularga bemorlar ko‘rsatiladi, kasallik tarixi tahlil qilinadi, klinik belgilar o‘rgatiladi hamda tashxis qo‘yish va davolash taktikasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantiriladi.

SHuningdek, kafedrada talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlariga qiziqishini oshirishga katta ahamiyat beriladi. Talabalar assistentlar va ustozlar rahbarligida ilmiy maqolalar ustida izlanishlar olib boradilar, dolzarb tibbiy mavzularni o‘rganadilar va o‘z tadqiqot natijalarini tayyorlaydilar.
Bu jarayon ularning nafaqat kasbiy bilimlarini, balki mustaqil fikrlash, ilmiy izlanish olib borish va jamoada ishlash ko‘nikmalarini ham rivojlantiradi.

Kafedra talabalari turli fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar va tanlovlarda faol ishtirok etib, o‘z bilim va qobiliyatlarini namoyon qilib sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqdalar. Bu yutuqlar kafedrada talabalarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ustoz va assistentlarning yaqin hamkorligi hamda yoshlarning ilmga bo‘lgan intilishining yorqin natijasidir.
Bugungi talabalarning ilmiy sohadagi har bir yutug‘i, kafedramiz uchun nafaqat quvonch, balki kelajak tibbiyoti uchun malakali va izlanuvchan mutaxassislar tayyorlanayotganining muhim ko‘rsatkichidir.
"Yosh Terapevtlar" to’garagining talabalar tomonidan erishgan yutuqlari: 30 dan ortiq ilmiy maqola, 20 dan ortiq ilmiy tezis, 11 ta diplom, 14 ta sertifikat, 2 ta faxriy yorliq, 7 ta talaba xorijiy (IELTS level C1) serifikati va qolaversa START UP loyixasi g’oliblari hisoblanadi.
Kafedramizning asosiy maqsadi, bilimli, amaliy ko‘nikmaga ega, ilmiy izlanishga qiziquvchi va zamonaviy tibbiyot talablariga javob bera oladigan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashdir.