«Zamonaviy oftalmologiyada innovatsion yondashuvlar» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi Samarqandda o‘tkazildi
Bugun, 22-avgust kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida «Zamonaviy oftalmologiyada innovatsion yondashuvlar» mavzusida xalqaro ishtirokdagi oftalmologik ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Oftalmologlar Assotsiatsiyasi hamda Yevropa Glaukoma Jamiyati (European Glaucoma Society — EGS) hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi — oftalmologiya sohasidagi zamonaviy xalqaro tajribani hududiy mutaxassislarga yetkazish, ilg‘or diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan oftalmologik tibbiy yordam sifatini yanada oshirishdan iborat.
Unda Samarqand va Jizzax viloyatlaridan 100 nafardan ortiq oftalmologlar, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi mutaxassislari va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi. Xususan, Yevropa Glaukoma Jamiyati vakillari — professor Luis Pinto va professor Gauti Johannesson konferensiyada ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Ilmiy-amaliy sessiyalarda zamonaviy oftalmologiyaning dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, glaukoma, diabetik retinopatiya va miopiyani erta tashxislash, davolash hamda oldini olish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar ilg‘or xalqaro klinik tajriba va dalillarga asoslangan tibbiyot yondashuvlari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur konferensiya hududlarda oftalmologlarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish hamda oftalmologik xizmat sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy-ma’rifiy platforma bo‘ldi.











SamDTU Matbuot xizmati