Ona va bola salomatligi: tibbiy xizmat sifatini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilandi
2026-yil 21-avgust kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida Samarqand viloyatida ona va bola salomatligini muhofaza qilish, tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda bolalar o‘rtasida kasallanish va nogironlik ko‘rsatkichlarini kamaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S. Zayniyev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori J. Rizaev, tuman va shahar sog‘liqni saqlash bo‘limlari rahbarlari, tug‘ruq va bolalar tibbiyot muassasalari rahbarlari, shuningdek, universitetning tegishli klinik kafedralari mudirlari ishtirok etdi.
Kun tartibida Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Samarqand davlat tibbiyot universitetining 2026-yil 12-martdagi 2-sonli va 3-sonli qo‘shma qarorlari ijrosi muhokama qilindi.
Xususan, tug‘ish yoshidagi xotin-qizlar, homiladorlar va tug‘ruqdan keyingi ayollarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatni takomillashtirish, shuningdek, bolalar o‘rtasida kasallanish va nogironlikni kamaytirish, tibbiy xizmat samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.
Yig‘ilish davomida mazkur yo‘nalishlarda mavjud muammolarni bartaraf etish, tibbiyot muassasalari va universitetning klinik kafedralari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda tibbiy xizmatni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasidagi ishlarni tizimli davom ettirish, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash va tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.






SamDTU Matbuot xizmati