×
Menu
Close Menu

​Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi rahbari bilan ochiq davra suhbati o‘tkazildi

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Qurbonov Nizom Azizovich boshchiligida viloyatdagi tuman tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirokida ochiq davra suhbati tashkil etildi.

  Mazkur uchrashuvda universitetning Qashqadaryolik bitiruvchi kurs bakalavr, magistr hamda klinik ordinatura talabalari bilan kelgusidagi mehnat faoliyati va ularni ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

  Davra suhbati davomida Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot muassasalarida mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, yosh mutaxassislar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar hamda hududlarda faoliyat yuritish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, bitiruvchi talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashish hamda hududlarda ishlash sharoitlari yuzasidan fikr almashdilar.

  Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, hozirgi kunda Samarqand davlat tibbiyot universitetida Qashqadaryo viloyatidan kelib tahsil olayotgan 600 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalari mavjud.

  Uchrashuv yakunida yosh mutaxassislarni hududlarda ish bilan ta’minlash hamda sog‘liqni saqlash tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi.


SamDTU Matbuot xizmati