Yurtimizning fidoyilaridan biri, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash sohasi va oliy ta’lim tizimi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan mashhur olim, bolalar xirurgi, tibbiyot fanlari doktori, professor Axmedov Yusufjon Mahmudovich 69 yoshida vafot etdi.
Y.M.Axmedov 1957-yil 17-avgustda Samariand viloyati Samarqand shahrida shifokorlar oilasida tug‘ilgandi.
1980-yilda Samarqand davlat tibbiyot institutini a’lo baholar bilan tamomlagan edi. 1983-1986 yillarda Moskva ilmiy-tadqiqot pediatriya institutining bolalar xirurgiyasi yo‘nalishi bo‘yicha aspiranturada tahsil olgan edi.
1986-yilda tibbiyot fanlari bo‘yicha nomzodlik, 1993-yilda doktorlik ilmiy dissertatsiyalarni muvaffaqiyatli himoya qilib, 2000-yilda pofessor ilmiy unvoniga sazovor bo‘lgan edi.
Ustoz Yusufjon Mahmudovich 1980-1981 yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti klinikasining fakultet xirurgiyasi bo‘limida vrach-intern, 1981-yilda fakultet xirurgiyasi kafedrasida vrach-ordinator, 1981-1983 yillarda Bolalar xirurgiyasi kafedrasida klinik ordinator, 1986-1995 yillarda 2-son Bolalar xirurgiyasikafedrasida assistent, 1995-2000 yillarda 1-son Bolalar xirurgiyasikafedrasida assistent, professor, 2000-2006 yillarda bolalar xirurgiya kafedrasi professori, 2006-2010 yillarda Bolalar xirurgiyasi va nurli diagnostika kafedrasi professori, 2007-2010 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali qoshidagi Bolalar xirurgiyasi va urologiyasi bo‘limi ilmiy rahbari, 2010-2014 yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand filiali direktori, 2014-2020 yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti Bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori, 2020-2022 yillarda Samarqand davlat tibbiyot instituti 2-son Bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri kabi turli lavozimlarda faoliyat yuritgan edi.
2022 yildan buyon Samarqand davlat tibbiyot universiteti 2-son Bolalar xirurgiyasi kafedrasi mudiri vazifasini sidqidildan bajarib kelayotgan edi.
Y.M.Axmedov ilmiy izlanishlar olib borib, 30 dan ortiq o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 10 ta monografiya, 1000 ga yaqin ilmiy maqola, 20 ga yaqin ixtiro patenti muallifi edi. Uning rahbarligi va ilmiy maslahatchiligi ostida 20 ga yaqin nomzodlik va 10 ga yaqin doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
Ustoz “Umumiy amaliyot shifokori axborotnomasi”, “Biologiya muammolari”, “O‘zbekiston xirurgiyasi”, “Tibbiy ilmiy va o‘quv-uslubiy jurnal”, “Tibbiyotda yangi kun” jurnallari tahrir hay’atlari a’zosi, qolversa, Rossiya va O‘zbekiston bolalar xirurglari assotsiatsiyalari hamda Rossiya xirurglar jamiyati a’zosi ham edi.
Y.M.Axmedovning fidokorona mehnati yuksak baholanib, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 15 yilligi”, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 20 yilligi” esdalik nishonlari, “Sog‘liqni saqlash sohasidagi xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni, O‘zbekiston Respublikasi Soqg‘liqni saqlash vazirligi va Samarqand viloyati hokimligining Faxriy yorliqlari, Tashakkurnomalari bilan taqdirlangan edi.
Y.M.Axmedov ko‘p qirrali jarroh olim bo‘lib, bolalar urologiyasi, abdominal, torakal va kolorektal xirurgiya sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlarni muvaffaqiyatli rivojlantirdi. Shu bilan birga, o‘zining boy tajribasi va mahoratini yosh mutaxassislarga faol ravishda o‘rgatdi. Uning rahbarligida oshqozon-ichak tizimi, siydik-tanosil tizimi hamda ko‘krak qafasi a’zolari kasalliklari bilan og‘rigan go‘dak va yosh bolalarni davolashning kam invaziv jarrohlik texnologiyalari ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi.
Yusufjon Mahmudovich o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni, vijdonan, halol bajardi. Shifo istab kelgan ko‘plab bemorlarni dardiga davo bo‘ldi, ularga shifokorlik mehrini berib, davoladi.
Y.M.Axmedov universitet jamoasida, hamkasblari, shogirdlari orasida hurmatga sazovor edi. To‘g‘riso‘zligi, mehribonligi, g‘amxo‘rligi, madaniyatli va kamtarligi bilan ajralib turardi.
Yusufjon Mahmudovichning fidoyiligi, jonkuyarlik va insoniylik fazilatlari qalbimizda mangu yashaydi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektorati va
Kasaba uyushmasi qoʻmitasi