Top.Mail.Ru
×
Menu
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Bayrog'i
  • O'zbekiston Respublikasining Davlat Gerbi
Close Menu

​SAMIYEV UTKUR BASIROVICH (1952 - 2022)

  Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi ogʻir judolikka uchradi. Beshafqat oʻlim oramizdan taniqli olim, mohir pedagog, qoʻli em shifokor, ichki kasalliklari propedevtikasi kafedrasi dotsenti, tibbiyot fanlari nomzodi Samiyev Utkur Basirovichni olib ketdi. U.B.Samiyev 1952-yilda Samarqand tumani Xaymari qishlogʻida tugʻilgan. 1969 — 1970 yy Samarqand davlat tibbiyot instituti katta preparatori boʻlib ishlagan, U.Samiyev 1970 — 1976 yy Samarqand Davlat tibbiyot instituti davolash fakulteti imtiyozli diplom bilan tamomlagandan soʻng, 1976 — 1978-yillar Samarqand davlat tibbiyot instituti klinik ordinatori, 1978 — 1979-yillarda Samarqand tuman tibbiyot birlashmasi vrach terapevti boʻlib ishladi.

  Utkur Basirovich 1980-1983-yillarda institutda aspiranturada tahsil oldi. 1983-1987-yillarda institut assistenti lavozimida ish faoliyatini boshlab, 1987-1993-yillarda davolash fakulteti dekani oʻrinbosari sifatida ish faoliyatini davom ettirdi.

  U.B.Samiyev 1993-1998-yillarda institut 1-son ichki ichki kasalliklar kafedrasi dotsenti lavozimida ishladi. Utkur Basirovich 1998-2006-yillarda institut maʼnaviyat va maʼrifat ishlari boʻyicha prorektori lavozimida faoliyat koʻrsatib, yoshlar tarbiyasi va maʼnaviy maʼrifiy ishlarni takomillashtirishda munosib hissasi qoʻshib institut va viloyat jamoasi oʻrtasida ulkan muvaffaqiyat qozondi.

  Utkur Samiyev 2006-yildan 2011-yilgacha ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasi mudiri va 2011-yildan bugunga qadar mazkur kafedra dotsenti lavozimida faoliyat koʻrsatib magistr va talabalariga saboq berib kelmoqda edi.

  U.B.Samiyev 1986-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgach, bugunga qadar tomonidan 200 dan ortiq ilmiy ishlari chop etilgan, 15 dan ortiq oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar, 14 ta ixtiro va 3 ta monografiya muallifi. U kishining rahbarligida 2 ta nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan. Olim Ilmiy ishlarda faol boʻlib Respublika, MDH va Yevropa davlatlarida oʻtkazilgan koʻplab nufuzli konferensiyalarda ishtirok etib, uning ilmiy faoliyati koʻplab imtiyozli diplom va sertifikatlar bilan eʼtirof etilgan.

  U.B.Samiyev ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasida faoliyati davomida institut 1-son klinikasi kardiologiya boʻlimiga kelgan bemorlar dardiga malham boʻlishda oʻzining munosib hissasini qoʻshib keldi.

  Dotsent Utkur Samiyev katta hayotiy tajriba va chuqur bilimga ega boʻlgan mohir pedagog sifatida institut talaba-yoshlariga chuqur bilim berishda oʻzining munosib hissasini qoʻshgan. Oʻzining insonparvarligi, xalqchilligi tufayli viloyat va shahar jamoatchiligi oʻrtasida katta hurmat eʼtiborga sazovor boʻldi. Mehribon ota, oilaparvar inson sifatida 2 farzandni tarbiyalab, hayotda oʻzlarining munosib oʻrinlarini topishlariga yetarlicha shart-sharoit yaratdi.

  Samiyev Utkur Basirovich koʻp yillik samarali mehnati va 1979-1980-yillarda Afgʻonistonda janglarda xizmat qilganligi uchun 1989-yilda “Afgʻon xalqi nomidan minnatdorlik” koʻkrak nishoni hamda 2001-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 10 yilligi” koʻkrak nishonlari hamda viloyat va shahar hokimliklarining “Faxriy yorliq”lari bilan taqdirlangan.

  Samiyev Utkur Basirovich atrofdagilarning muhabbati va hurmatiga sazovor boʻlgan, boʻlajak yosh shifokorlarni doimiy maslahatgoʻyi, mehribon va ajoyib inson edi. U.B.Samiyevning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy saqlanajak.


Samarqand davlat tibbiyot instituti maʼmuriyati va kasaba

uyushmasi qoʻmitasi hamda 1-son klinikasi maʼmuriyati