Talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish my.gov.uz portali orqali 1-avgustdan boshlab o‘quv yili yakuniga qadar davom etadi
Talabalar arizalarni: https://my.gov.uz/ portali orqali yuborishlari mumkin.
Arizalar reglamentga muvofiq imtiyozlar va ustuvorliklar ketma-ketligi asosida qabul qilinadi. Ushbu ma’lumotlar bilan ariza to‘ldirish jarayonida tanishish mumkin.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
- «Mehribonlik uylari» tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
- «Ijtimoiy himoya yagona reyestri», «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda «Yoshlar daftari»da turadigan talabalar;
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan talabalar;
- Bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
- Xalqaro fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- «Yil talabasi» va «Talabalar teatr studiyalari» ko‘rik-tanlovlarining respublika bosqichi g‘olibi bo‘lgan talabalar;
- Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Zakovat» intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
- Talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.
Umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun talabalar turar joyida ortib qolgan o‘rinlar quyidagicha taqsimlanadi:
- 1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foizi;
- 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foizi;
- 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
Bunda kurslarga ajratilgan, biroq to‘lmay qolgan o‘rinlar avvalo quyi kurs talabalari orasida, so‘ng kurslarning ortib borishi tartibiga qat’iy amal qilgan holda yuqori kurs talabalari orasida qayta taqsimlanadi.
Oliy ta’lim muassasasi tomonidan talabalar turar joyidagi o‘rinlar soni umumiy ro‘yxat bo‘yicha fakultetlar kesimida taqsimlanishi mumkin.
https://my.gov.uz/ yoki https://kontrakt.edu.uz/ portali orqali yotoqxonaga joylashish uchun yo‘llanma va shartnoma olgan talabalar mobil to’lov tizimlari orqali komissiyasiz (0%) onlayn to‘lov qilishlari mumkin.
Video qo’llanma