×
Menu
Close Menu

SamDTU tarixi muzeyi asoschisi va sobiq rahbari dotsent Fazliddin Asliddinov vafot etdi

  Dahshatli oʻlim II-Jahon urushi qatnashchisi, Samarqand davlat tibbiyot universiteti tarixi muzeyi asoschisi va sobiq rahbari dotsent Fazliddin Asliddinovni oramizdan olib ketdi.

  Fazliddin Asliddinov - 1924-yilning 25-dekabrida Samarqand viloyati, Payariq tumani, Ayuchi qishlogʻida tavallud topgan. Samarqandning Moturid dahasida: “Xoʻjamurgʻonmahallasida ulgʻayib, Moturud qishlogʻidagi 31-toʻliqsiz oʻrta maktabni bitirib 1939-yilda Samarqand pedagogika bilim yurtini 1942-yilda tamomlab, ish faoliyatini Samarqand viloyatining Zomin tumanidagi (hozirgi Jizzax viloyati) oʻrta maktabda oʻqituvchilikdan boshlaydi. Ikkinchi jahon urushi yillari (1942-1946) Sovet armiyasi safida xizmat qilgan. 1945-yil avgust oyida Uzoq Sharq fronti tarkibida Sovet-Yapon urushida qatnashgan. Urushdan qaytib kelib, Samarqand davlat tibbiyot institutni 1952-yilda imtiyozli diplom bilan bitiradi. 1952-1955-yillarda tibbiyot institutida aspiranturani oʻtab, 1957-yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi. 1960-1964-yillarda Samarqand davlat tibbiyot institutining ichki kasalliklar propedevtikasi kafedrasida assistent, 1969-1990-yillarda dotsent lavozimida faoliyat koʻrsatadi. 1990-yilda F.Asliddinov Samarqand davlat tibbiyot instituti tarixi muzeyini tashkil qiladi va 2016-yilga qadar unga rahbarlik qiladi. Muzey tashkil etilgan dastlabki kunlarda sanoqli eksponatlardan iborat boʻlgan muzey qisqa muddat ichida eksponatlar bilan boyitildi. F.Asliddinov muzeyida faqatgina eksponatlarni toʻplash bilan chegaralanib qolmasdan, institut tashkil etilganidan buyon institutda ishlagan professor, dotsent va oʻqituvchilar haqida bor mahoratlarini ishga solib, oʻnlab jildlardan iborat almanaxlar toʻplagan. F Asliddinov 200 dan ortiq ilmiy maqolalar, risolalar va ilmiy ommabop kitoblar muallifidir. Shular jumlasidanMoturidimfaxrimkitobini yozib nashr ettirdi. Bu kitob respublikamizdagi ijtimoiy siyosiy tadbirlarga hozirjavoblik bilan yaratilgan nashr sifatida yuksak baholandi. F.Asliddinov Moturid tarixi va Samarqand viloyat sogʻliqni saqlash tarixi boʻyicha ensiklopedist-mutaxassis hisoblanar edi.

  F.Asliddinov 6 farzandning otasi, 26 nabira, 44 chevaralar, 1 evaraning mehribon bobokaloni edi. F.Asliddinovning xotirasi Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi va shogirdlari qalbida abadiy saqlanib qoladi.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti jamoasi marhumning oila aʼzolari, yaqinlari va shogirdlariga chuqur taʼziya izhor etadi.


Samarqand davlat tibbiyot universiteti maʼmuriyati va kasaba uyushma qoʻmitasi.