“Xavfsiz talaba” platformasini joriy etish bo‘yicha amaliy ishlar boshlandi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11-sentabrdagi ko‘rsatmasiga asosan, Olmazor tumanidagi “Yoshlik” talabalar shaharchasida tashkil etilgan “Vaziyatlar markazi” faoliyati bilan tanishish jarayonida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Samarqand viloyati prokuraturasi hamda viloyat hokimligi vakillaridan iborat ishchi guruh Samarqand davlat tibbiyot universitetiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida ishchi guruh tomonidan universitetda talabalar xavfsizligini ta’minlash tizimi, ko‘rilayotgan xavfsizlik choralari hamda ushbu yo‘nalishda joriy etilgan zamonaviy texnologik yechimlar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, universitet hududida xavfsiz ta’lim muhitini yaratish, mavjud texnik imkoniyatlardan samarali foydalanish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Xususan, universitet binolari va hududlarida videokuzatuv tizimini yanada rivojlantirish maqsadida jami 317 ta zamonaviy videokuzatuv kamerasi, shuningdek, Yangi o‘quv binosining kirish joylariga 24 ta Face ID turniketlari xarid qilinib, belgilangan joylarga o‘rnatilgan hamda foydalanishga topshirilgan.
Tashrif yakunida ishchi guruh tomonidan universitet mas’ullariga talabalar xavfsizligini yanada mustahkamlash, mavjud xavfsizlik tizimlarini takomillashtirish hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi.
Samarqand davlat tibbiyot universitetida talabalar xavfsizligi va osoyishtaligini ta’minlash, xavfsiz ta’lim muhitini yaratish hamda zamonaviy texnologiyalardan samarali foydalanishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
SamDTU Matbuot xizmati