SamDTU huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi vakillarining Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetida bo'ldilar
Joriy yilning 16-sentabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi delegatsiyasi Dushanbe shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Tojikiston davlat tibbiyot universitetiga rasmiy tashrif buyurdi.
Mazkur tashrif ikki mamlakatning yetakchi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi akademik, ilmiy va amaliy aloqalarni yanada mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Akademik mobillik dasturi doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti vakillari Tojikiston davlat tibbiyot universiteti talabalari, rezidentlari va yosh mutaxassislari uchun ma’ruzalar turkumini o‘tkazdilar. Ma’ruzalarda Parkinson kasalligini tashxislash va davolashning zamonaviy yondashuvlari haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Tashrif davomida delegatsiya Tojikiston davlat tibbiyot universitetining Neyroxirurgiya kafedrasi va bo‘limining moddiy-texnik bazasi, ilmiy-uslubiy salohiyati hamda klinik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Hamkorlikning muhim amaliy qismi sifatida qo‘shma konsiliumlar tashkil etilib, unda ikki mamlakat neyroxirurglari murakkab klinik holatlarni muhokama qildilar hamda og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashning maqbul taktikalari yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar.
Tashrif yakunida qabul qiluvchi tomon rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘tkazilib, ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi. Jumladan, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, mahorat darslarini o‘tkazish hamda akademik almashinuv dasturlarini yanada faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.







SamDTU Matbuot xizmati