×
Menu
Close Menu

Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimidagi yangiliklar muhokama etildi

    Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan Toshkent davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 26 mayda qabul qilingan “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish hamda uning ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
    Tadbirda tibbiyot fanlariga ixtisolashgan respublikadagi ilmiy darajalar beruvchi ilmiy kengashlar raislari, ilmiy kotiblar, oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Seminarda dastlab Oliy attestatsiya komissiyasi raisi v.b Abdulaziz Shermuhamedov va bosh inspektor Aziz Zufarov tomonidan Farmonda belgilangan vazifalarning mazmun-mohiyati, ilmiy kadrlar tayyorlash va attestatsiya qilish tizimida nazarda tutilgan yangiliklar hamda ularni amaliyotga samarali joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.

    Seminar davomida mamlakatda ilmiy salohiyatni yanada yuksaltirish, xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali ilmiy kadrlarni tayyorlash, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati va amaliy ahamiyatini oshirish, ilmiy rahbarlik institutini takomillashtirish hamda attestatsiya jarayonlarining shaffofligi va samaradorligini ta’minlashga qaratilgan ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
    Shuningdek, Farmon asosida ilmiy daraja olish uchun qo‘yilayotgan talablar, ilmiy kengashlar faoliyatini tashkil etishning yangi mexanizmlari, dissertatsiya ishlarini baholash mezonlarini takomillashtirish, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ilmiy faolligini rag‘batlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
    Tadbir ishtirokchilari tomonidan ilmiy kengashlar faoliyatida uchrayotgan ayrim muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari muhokama qilinib, yangi tartiblarni amaliyotga samarali tatbiq etish bo‘yicha qator amaliy tavsiyalar berildi. Savol-javoblar tarzida o‘tgan muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan mutaxassislardan atroflicha ma’lumot oldilar.

    Ta’kidlanganidek, mazkur Farmonning hayotga izchil tatbiq etilishi mamlakat ilm-fani taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, ilmiy tadqiqotlar sifatini oshirish va raqobatbardosh yangi avlod ilmiy kadrlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
    Seminar yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda, Farmon ijrosini ta’minlashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

6a269b8673f2f.jpg

6a269b97b5b45.jpg

6a269ba1590d6.jpg


OAK Axborot xizmati