×
Menu
Close Menu

​"Tibbiy reabilitatsiya: yutuqlar va istiqbollar" nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi

  Joriy yilning 5-6-iyun kunlari Samarqand davlat tibbiyot universitetida "Tibbiy reabilitatsiya: yutuqlar va istiqbollar" nomli xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

  Anjumanda Respublikamiz bilan bir qatorda Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston va Tojikistondan soha mutaxassislari ishtirok etdi.

  Konferensiya ochilishida so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev hamda Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyevlar tashkil etilayotgan anjumanning reabilitatsiya va sport tibbiyotini rivojlantirish, sohaga jahon tajribasini joriy etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida ta'kidladilar.

  Konferensiya doirasida “Politravmali bemorlarning tibbiy reabilitatsiyasi”, “Bosh miya insultini o‘tkazgan bemorlarni reabilitatsiya qilish”, “Tibbiy va sport reabilitatsiyasida tekar-terapiyaning qo‘llanilishi” “Robotlashtirilgan texnologiyalar yordamida shaxsiylashtirilgan reabilitatsiya” va boshqa bir qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilinib, o‘zaro fikr almashildi.

  Shuningdek, konferensiya ishida Yosh olimlar sho‘basi ham tashkil etilib, bir qator tibbiyot oliygohlari talabalari tomonidan, reabilitatsiya va sport tibbiyotiga doir ilmiy ishlanmalar namoyish qilinib, muhokamalar olib borildi.

  Konferensiya yakunida tibbiy reabilitatsiya va sport tibbiyoti sohasida xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish, ilg‘or ilmiy yutuqlar hamda innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha muhim taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur anjuman mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, ilmiy aloqalarni mustahkamlash hamda sport tibbiyoti va reabilitatsiya xizmatlari sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan samarali muloqot maydoni bo‘ldi.

6a23ebe3ad4b9.jpg

SamDTU Matbuot xizmati