Joriy yilning 19-mart kuni “Yoshlar kuni” doirasida Samarqand davlat tibbiyot universitetida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarovning talaba-yoshlar bilan uchrashuvi tashkil etildi.
Mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda ularning kasbiy rivoji uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida talaba-yoshlarni batafsil xabardor etishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida vazir tomonidan sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifatini oshirish hamda amaliyot va ta’lim integratsiyasini kuchaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilib, tegishli javoblar oldilar hamda o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur uchrashuv yoshlarning kasbiy shakllanishi, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda sohada yetuk mutaxassislar sifatida kamol topishida muhim ahamiyat kasb etadi.













SamDTU Matbuot xizmati