Universitet huzuridagi Neyroxirurgiya va neyroreabilitatsiya ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy markazi jamoasini shakllantirish maqsadida Universitetning Neyroxirurgiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari, magistratura va klinik ordinatura rezidentlari, Universitet Ko‘p tarmoqli klinikasi Neyroxirurgiya bo‘limi vrach-ordinatorlari xorijiy yetakchi klinikalarda tizimli ravishda o‘z malakalarini oshirib, shu bilimlar asosida yangi diagnostika va davolash usullarini amaliyotga joriy etib kelmoqdalar.
Markazdagi davolash va tashkiliy ishlarni yangi va zamonaviy talablar asosida joriy etish maqsadida hamshiralarning ham malakasini xorijiy yetakchi klinikalarda oshirib borish ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda SamDTU Ko‘p tarmoqli klinikasi Neyroxirurgiya bo‘limi katta hamshirasi F.I. Izimchanova Italiyaning Milan shahridagi bir qancha yetakchi klinikalarida malaka oshirib qaytdi.
Ushbu istiqbolli hamkorlik dasturi joriy yilning 28-29 may kunlari Italiya Bosh vaziri Jorja Melonining Samarqandga rasmiy tashrifi chog‘ida davlatimiz rahbari huzurida imzolangan ikki mamlakat Hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Hamshiramiz stajirovka davomida Lombardiyaning "Fatebenefratelli", "Sacco" va "Buzzi" klinikalarida bo‘lib, Italiya yetakchi klinikalaridagi hamshiralik jarayoni, zamonaviy kompyuter texnologiyalarning davolash ishini tashkil etishdagi imkoniyatlari bo‘yicha yangi bilimlarga ega bo‘ldi.





SamDTU Matbuot xizmati