Samarqand davlat tibbiyot universiteti bugungi kunga qadar Xitoyning ko‘plab oliy va tibbiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelmoqda. Jumladan, Shinjon tibbiyot universiteti bilan ham ikki tomonlama hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, birgalikda bir qator ilmiy va amaliy loyihalar, akademik almashinuv va qo‘shma ta’lim dasturlari amalga oshirib kelinmoqda.
Joriy yilning 23-dekabr kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Xitoyning Shinjon tibbiyot universiteti rektori, Haji Akber Aisa boshchiligidagi mehmonlar tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida SamDTU rektori Jasur Rizayev bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqlarini yanada rivojlantirish, talabalar hamda professor o‘qituvchilarning akademik almashinuvini ta’minlash, ikki tomonlama malaka oshirish jumladan, Shinjon tibbiyot universiteti qoshidagi klinikalarda SamDTU xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish hamda Xitoy xalq tabobatini joriy etishda birgalikda ish yuritish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda bajariladigan ishlar bo‘yicha yo‘l xaritasi tuzib olinib, hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida tashkil etilgan “Til akademiyasi” markazi bilan ham tanishib, uning faoliyati haqida ma’lumot oldilar.








SamDTU Matbuot xizmati