Joriy yilning 19-20-dekabr kunlari Ozarbayjon Davlat Shifokorlarni Takomillashtirish Institutida institut tashkil etilganining 90 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy kongress bo‘lib o‘tdi.
Tibbiyot fanidagi yangi ilmiy-amaliy yutuqlarni muhokama qilish, shifokorlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ayniqsa yosh shifokorlarning ilmiy rivojiga hissa qo‘shish maqsadida tashkil etilgan kongressda Ozarbayjon sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bir qatorda boshqa ko‘plab davlatlarning soha vakillari ishtirok etdi. Jumladan, kongressda so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Tangirov Eldor Sayfullaevich bugungi kunda jadal rivojlanayotgan zamonaviy tibbiyotdagi ustuvor yo‘nalishlar hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Ozarbayjon Davlat Shifokorlarni Takomillashtirish Instituti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik istiqbollariga alohida to‘xtalib, anjuman ishiga omad tiladi.
Kongress doirasida tibbiyotning turli yo‘nalishlaridagi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan 2 ta plenar majlis va 5 ta ilmiy panel tashkil etildi. Tadbirda Ozarbayjon bilan bir qatorda Turkiya, Buyuk Britaniya, O‘zbekiston, Rossiya, Gruziya, Eron, Daniya, Germaniya va boshqa davlatlardan kelgan mutaxassislar ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etib, tibbiyot fanining so‘nggi yutuqlari va zamonaviy yondashuvlar yuzasidan keng muhokamalar olib bordilar.




SamDTU Matbuot xizmati