Samarqand davlat tibbiyot universitetida Respublikamiz bilan bir qatorda ko‘plab xorijiy mamlakatlardan ham 4500 ga yaqin talabalar tahsil olib kelmoqda. Ularning aksariyatini Hindistonlik talabalar tashkil etadi.
Joriy yilning 1-may kuni universitetda tahsil olayotgan Hindistonlik talabalar hamda THE MD HOUSE kompaniyasi tashabbusi bilan Hind madaniyatiga bag‘ishlangan “Namaste Samarkand” tadbiri bayramona tarzda tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev bugungi kunda universitetda ko‘p millatli muhitning yaratilganligi nafaqat bilim va malakalarning integratsiyalashuvini ta’minlash barobarida oliygohning o‘ziga xos madaniyatlar chorrahasi sifatida namoyon bo‘lishini ta’kidladi. Shuningdek, Xalqaro ta’lim fakulteti talabalarini tabriklab, ularning keyingi o‘qishlari va faoliyatlariga omad tiladi.
Tadbir davomida o‘z bilimi, xulqi hamda faolligi bilan namuna bo‘lib kelayotgan talabalar hamda o‘qituvchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etildi.
Tadbir hindistonlik talabalarning milliy raqs va madaniy chiqishlari bilan davom etdi.












SamDTU Matbuot xizmati