×
Menu
Close Menu

​Samarqand davlat tibbiyot universiteti Silk-road universitetlar tarmog‘iga a’zo bo‘ladi

  Joriy yilning 29-aprel kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetiga Janubiy Koreyada joylashgan Silk-road university netvork (Ipak yo‘li universitetlari tarmog‘i) bosh kotibi, professor Sungdon Hwang tashrif buyurdi.

  Tashrif doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Jasur Rizayev bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

  Mazkur xalqaro tarmoqqa a’zolik Samarqand davlat tibbiyot universiteti uchun Buyuk Ipak yo‘li mintaqasidagi yetakchi universitetlar bilan institutsional hamkorlikni kengaytirish, ular bilan talabalar va professor-o‘qituvchilar uchun akademik mobillik dasturlarini joriy etish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish hamda ilg‘or tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yishga zamin yaratadi.

  Shuningdek, uchrashuv davomida Silk-road university netvorkning Gretsiyada bo‘ladigan keyingi yig‘ilishida Samarqand davlat tibbiyot universitetining a’zoligi bo‘yicha memorandumni imzolashga kelishildi.

  Ma’lumot o‘rnida: SUN (Silk-Road Universities Network) — bu Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan mamlakatlarning universitetlarini birlashtiruvchi, talaba va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar, madaniy va akademik integratsiyani rivojlantirishga qaratilgan xalqaro ta’lim va ilmiy hamkorlik tarmog‘i. 2015-yildan boshlab faoliyat yuritayotgan tarmoq bugungi kunda dunyoning 28 mamlakati bo‘ylab 90 ga yaqin universitetlarni o‘zida birlashtirgan.


SamDTU Matbuot xizmati