Bugungi kunda tibbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘rta va oliy tibbiy ta’lim hamkorligini mustahkamlash orqali ushbu tizimga malakali kadrlar yetishtirishni jadallashtirish ustuvor vazifalardan biri hisoblaadi.
Ushbu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand davlat tibbiyot universiteti va jamoat salomatligi texnikumlari o‘rtasida doimiy tarzda hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan.
Jumladan joriy yilning 28-aprel kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Payariq jamoat salomatligi texnikumida “Tibbiy ta’limda uzviylik va integratsiya: universitet va texnikum hamkorligi“ mavzusida anjuman o‘tkazildi.
Anjuman doirasida Payariq jamoat salomatligi texnikumi faoliyati, yaratilgan sharoitlar hamda Samarqand davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishildi.
Anjumanda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Xusen Tuxtayev, Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev. Payariq tumani hokimi Shunqor Xudoyberdiyev, Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Suxrob Zayniyev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Samarqand viloyat hududiy boshqarmasi boshlig‘i Aziz Nasimovlar bevosita ishtirok etib, tashkil etilayotgan mazkur anjumanning sohani rivojlantirishdagi muhim ahamiyatini alohida ta’kidladilar.
Anjuman davomida zamonaviy, innnovatsion o‘quv adabiyotlarini ta’lim tizimiga joriy qilish, tibbiy ta’limda dual model, universitet va texnikum integratsiyasi, ta’lim jarayonlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini jalb qilish va boshqa muhim mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglanib, atroflicha muhokama qilindi.
Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik nafaqat ta’lim sifati, balki ilmiy-tadqiqot, ma’naviy-ma’rifiy va xalqaro aloqalarning yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.














SamDTU Matbuot xizmati