Samarqand davlat tibbiyot universiteti yosh kadrlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro tajriba orttirishiga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozirgi kunda universitetimizning bir qator magistrant va klinik ordinatorlari xorijning nufuzli tibbiyot markazlarida amaliyot o‘tamoqdalar:
Shamsiev Shaxzod (Xirurgik kasalliklar kafedrasi, 3-kurs magistranti) Yaponiyaning Kanazawa University Hospital markazida professor Inaki rahbarligida stajirovka o‘tamoqda. U asosan oshqozon-ichak trakti onkologiyasida "da Vinci" robot jarrohlik tizimidan foydalanish sirlarini o‘zlashtirmoqda. Shaxzod yuqori texnologik operatsiyalarda qatnashish bilan birga, simulyatorlarda o‘zining amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlab bormoqda.
Rashidov Azizbek (Plastik va rekonstruktiv jarrohlik yo‘nalishi, 1-kurs magistranti) Turkiyaning Anqara shahridagi SBU klinikasida 6 oylik malaka oshirish kursini o‘tamoqda. Uning asosiy yo‘nalishi – rekonstruktiv, xususan, Flap (to‘qima ko‘chirib o‘tkazish) operatsiyalari bo‘lib, hozirda bo‘lim faoliyati bilan tanishish va jarrohlik amaliyotiga tayyorlanayotgan bemorlarni ko‘rikdan o‘tkazish jarayonlarida faol ishtirok etmoqda.
Muhamedova Lala (2-kurs klinik ordinator) Turkiyaning Anqara shahridagi "Gülhane Eğitim ve Araştırma Hastanesi" nevrologiya bo‘limida stajirovka o‘tamoqda. U neyroimmunologiya (tarqalgan skleroz, NMO va MOG bilan bog‘liq kasalliklar) yo‘nalishini chuqur o‘rganmoqda. Lala ambulator qabul, statsionar bemorlar nazorati va haftasiga 3 marta o‘tkaziladigan maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida malakasini oshirmoqda.
Fayzullayeva Marjona (Magistratura 1-kurs rezidenti) Gülhane Eğitim ve Araştırma Hastanesi bazasidagi Tibbiy biokimyo laboratoriyasida stajirovka o‘tamoqda. Stajirovka davomida u laboratoriyada biologik namunalarda turli biokimyoviy tahlillarni bajarish, jumladan fermentlar, glyukoza, lipidlar, oqsillar va elektrolitlarni aniqlash jarayonlarida ishtirok etmoqda.
Xalqaro stajirovkalar kelgusida yurtimiz tibbiyotida eng zamonaviy va yuqori texnologik davolash usullarini amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi!





SamDTU Matbuot xizmati