×
Menu
Close Menu

​Universitetning xorijlik bitiruvchilariga diplomlar tantanali ravishda topshirildi

  Samarqand davlat tibbiyot universitetida bugungi kunda Respublikamiz bilan bir qatorda ko‘plab xorijiy mamlakatlardan: Hindiston, Pokiston, Xitoy, Rossiya, Koreya, Turkiya, Ozarbayjon, Tunis, Filippin, Nepal, Bangladesh, Falastin, Eron, Malayziya, Afg‘oniston, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va Qirg‘izistondan ham talabalar ta’lim oladi. Jumladan, universitetda hozirda 4000 ga yaqin xorijlik talabalar Xalqaro ta’lim fakultetida malakali  tahsil olib kelmoqda.

  Joriy yilning 10-fevral kuni Yakuniy davlat imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirgan bitiruvchi bosqich talabalariga diplomlarni tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

  Tadbirni Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev ochib berdi hamda bitiruvchi kurs talabalariga keyingi kasbiy faoliyatlarida omadlar tilab, o‘z yurtlarida yetuk shifokor bo‘lishlariga tilakdosh ekanligini bildirdi.

  Tadbirda Xalqaro ta’lim fakulteti bitiruvchilarining oila a’zolari ham ishtirok etib, SamDTU rahbariyati va ustozlarga yaratilgan shart-sharoitlar va sifatli ta’lim uchun minnatdorlik bildirdilar.

  Samarqand davlat tibbiyot universiteti bugungi kunda nafaqat respublikamiz, balki butunjahon sog‘liqni saqlash tizimiga malakali kadrlarni yetkazib berishda jadal ilgarilab bormoqda. Bu esa mamalakatimizda ta’lim va tibbiyotga qaratilayotgan ulkan e’tibor namunasidir!


SamDTU Matbuot xizmati