Joriy yilning 30-31-oktyabr kunlari Samarqand davlat universitetida “O‘zbekiston va Yaponiya oliygohlari rektorlarining 5-forumi" bo‘lib o‘tdi.
“Bilim va jamiyat o‘rtasidagi uyg‘unlik: inson taraqqiyoti va innovatsiyalar yo‘lida fanlararo yondashuvlar” shiori ostida o‘tkazilgan forumda Respublikamiz hamda Yaponiyaning yetakchi oliygohlari rahbarlari ishtirok etdi.
Forum doirasida O‘zbekiston va Yaponiya oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha bir qancha shartnomalar imzolandi. Jumladan Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori Jasur Rizayev hamda Tsukuba universiteti prezidenti Nagata Kyusoke o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga ko‘ra kelgusida ikki oliygoh o‘rtasida ilmiy va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, birgalikda tadqiqot ishlarini amalga oshirish hamda professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvini yo‘lga qo‘yishga kelishildi.
  Shuningdek, forum doirasida GIFU universitetining Xalqaro aloqalar bo'yicha prorektori FURUTA Tomomi bilan ham o'zaro hamkorlik aloqlarini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhokamalar o'tkazildi.
Ma'lumot uchun: Samarqand davlat tibbiyot universiteti va Yaponiyaning GIFU uniersiteti o‘rtasida yosh olimlarning tajriba almashinuvi, qisqa muddatlarga talaba yoshlarning amaliyot almashinuvi, doktorlik dissertatsiyalari, magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlik, “Joint degree” loyihasini amalga oshirish bo'yicha hamkorlik memorandumi imzolangan.
Tashkil etilgan forum hamda hamkorlik memorandumlari O‘zbekiston va Yaponiya oliygohlari o‘rtasidagi ilmiy va do‘stlik aloqalarining yanada mustahkamlanishi bilan bir qatorda mamlakatimiz ta’lim tizimiga Yaponiya tajribasini joriy yilishda ham muhim rol o‘ynaydi.









SamDTU Matbuot xizmati
 
                                     
                                    