Top.Mail.Ru
×
Menu
Close Menu

Universitet nizomi

SАMАRQАND DАVLАT TIBBIYOT UNIVERSITETI

ILMIY KENGАSHINING

N I Z O M I

  Mazkur Nizom Oʼzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʼgʼrisida”gi (Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Аxborotnomasi, 1997 y. 9-son, 225-modda) va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʼgʼrisida”gi (Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Аxborotnomasi, 1997 y. 11-12-son, 295-modda) qonunlariga, “Oliy taʼlim toʼgʼrisida”gi Nizomga, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligining “Oliy taʼlim muassasasining Ilmiy kengashi toʼgʼrisida”gi namunaviy Nizomga va SamMI rektorining 2013 yil 31 dekabrdagi 816-sonli buyrugʼiga muvofiq SamMI Ilmiy Kengashi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

1. Umumiy qoidalar

  Ushbu Nizom SamMI Ilmiy Kengashi uchun asosiy meʼyoriy hujjatlardan biri hisoblanadi.

  1. SamMI faoliyatiga tegishli asosiy masalalarni koʼrib chiqish uchun rektor raisligida institut Ilmiy kengashi (keyingi oʼrinlarda - Ilmiy kengash) tashkil etiladi.
  2. Ilmiy kengash tarkibi rektor, prorektorlar, fakulьtet dekanlari, institut tarkibiga kiruvchi mustaqil tashkilot va tarmoqlar direktorlari, mutaxassis chiqaruvchi kafedralar mudiri, shuningdek, jamoat tashkilotlari rahbarlaridan tashkil etiladi. Ilmiy kengashning boshqa aʼzolari fakulьtetning umumiy majlisida yashirin ovoz berish yoʼli bilan saylanadilar. Professor-oʼqituvchilar tarkibidan Ilmiy kengashga saylanuvchi aʼzolarning soni rektorning buyrugʼi bilan belgilanadi. Ilmiy kengash tarkibiga institutning muayyan yunalish muammolari boʼyicha ishlayotgan yirik olim va mutaxassislari ham kiritilishi mumkin. Vakolat muddati - 5 yil.
  3. Ilmiy kengash tarkibi oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʼi bilan tasdiklanadi. Har oʼquv yilining boshida, turli sabablarga koʼra Ilmiy kengash tarkibidan chiqqanlar oʼrniga, yangi aʼzolar saylanadi yoki nizom boʼyicha kiritiladi.


2. Ilmiy kengashning maqsad va vazifalari

  Ilmiy kengashning maqsadi - institut jamoasi say-xarakatlari, intellektual salohiyati va boshqa barcha imkoniyatlarni Oʼzbekiston Respublikasining “Taʼlim tugʼrisida”gi va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi toʼgʼrisida”gi qonunlarida belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash, oliy taʼlimning davlat taʼlim standarti talablari darajasida mukammal bilim, malaka, koʼnikmalarga ega boʼlgan professional mutaxassislar tayyorlashga yoʼnaltirishdan iborat.

  Samarqand davlat meditsina instituti Ilmiy kengashi:

  1. Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq davlat taʼlim standartlari, oʼquv rejalari va dasturlarining qatьiy bajarilishini oʼrganib chiqadi hamda ustivor masalalar boʼyicha tavsiya va topshiriqlar belgilaydi;
  2. fakulьtetlarning oʼquv, ilmiy-tadkikot va maʼnaviy-maʼrifiy ishlari toʼgʼrisidagi, akademik litseylar, oliy taʼlim muassasasi qoshidagi ilmiy jamiyatlarning faoliyati toʼgʼrisidagi, qabul komissiyasining qabul natijalari toʼgʼrisidagi, shuningdek marketing xizmatining xalk xoʼjaligining bitiruvchi mutaxassislarga boʼlgan ehtiyoji, buyurtmachi tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalari toʼgʼrisidagi hisobotlarini eshitadi hamda tegishli qaror qabul qiladi;
  3. ilmiy-tadkikot, maʼnaviy-maʼrifiy ishlar rejalari ijrosi, professor-oʼqituvchilar tarkibining malaka oshirish va qayta tayyorlash masalalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi;
  4. Samarqand davlat meditsina instituti rivojlanishining yillik va istiqbolli rejalarini tasdiqlaydi, moddiy-texnik taʼminot va moliyaviy-xoʼjalik faoliyati natijalarini muhokama qiladi hamda tegishli qarorlarni qabul qiladi; .
  5. fakulьtet va kafedralarni ochish, tugatish, oʼzgartirish, shuningdek marketing xizmati takliflarini hisobga olgan holda yangi bakalavriat yoʼnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʼyicha kadrlar tayyorlashni yoʼlga qoʼyish yoki toʼxtatish bilan bogʼlik masalalar boʼyicha qaror qabul qiladi;
  6. Institut pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʼgʼrisida”gi Nizomga muvofik professor- oʼqituvchilar lavozimlarini egallash uchun tanlovlar oʼtkazadi;
  7. professor, dotsent ilmiy unvonini olishga intilayotgan izlanuvchilarning hujjatlarini koʼrib chiqadi va belgilangan tartibda ilmiy unvonga tasdiqlashga taqdim etadi;
  8. Samarqand davlat meditsina instituti bitiruvchilari hamda professor-oʼqituvchilarining ingliz tilini bilishlarini taʼminlash va kompьyuter texnologiyalari, Internetdan foydalana olishlari boʼyicha tayanch koʼnikmalarni shakllantirish masalalarini muhokama qiladi va chora-tadbirlar belgilaydi;
  9. taʼlim jarayonining oʼquv adabiyotlari bilan taʼminlanganligi, yangi avlod darslik va oʼquv qoʼllanmalari, shuningdek innovatsion taʼlim texnologiyalarini qoʼllashga asoslangan oʼquv-uslubiy majmualarni tayyorlash va nashr etish masalalarini muhokama qiladi;
  10. katta ilmiy xodim-izlanuvchi institutlariga va mustaqil ilmiy xodim-izlanuvchilarga nomzodlarni tavsiya etadi, ularning shaxsiy rejalari va dissertatsiyalari mavzularini tasdiqlaydi;
  11. iqtidorli talabalar safidan va professor-oʼqituvchilar tarkibidan nomzodlarni “Isteʼdod” jamgʼarmalari orqali horijiy oliy taʼlim muassasalarida stajirovka oʼtishga tavsiya etadi;
  12. institut iqtidorli talabalari va katta ilmiy xodim-izlanuvchilar safidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenta Davlat stipendiyasi va nomli davlat stependiyalar tanlovida ishtirok etadigan nomzodlarni tavsiya etadi;
  13. “Sogʼlom avlod uchun” jamgʼarmasi bilan hamkorlikda talabalarning jismoniy tarbiyasi va ularning sogʼliklarini yanada yaxshilash boʼyicha tadbirlar ishlab chiqadi;
  14. asosiy buyurtmachi tashkilot, korxona va muassasalar bilan korporativ hamkorlikni rivojlantirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda talabalarning malakaviy amaliyoti samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qiladi va ularni yaxshilash boʼyicha tavsiyalar ishlab chikadi;
  15. horijiy mamlakatlarning oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik alokalarini oʼrnatish boʼyicha qarorlar qabul qiladi;
  16. taʼlim xizmatlari bilan shugʼullanuvchi kichik korxonalar, firma va kurslar faoliyati xaqida rahbarlarning hisobotlarini eshitadi xamda tegishli qaror qabul qiladi;
  17. oliy taʼlim muassasasi talabalari va xodimlarining texnika xavfsizligi va mexnat muhofazasini takomillashtirish boʼyicha tadbirlarni belgilaydi.

3. Ilmiy kengash faoliyatini tashkil etish

  1. Ilmiy kengash oʼz faoliyatini har oʼquv yili uchun ishlab chiqiladigan rejaga muvofiq amalga oshiradi. Ilmiy kengash rejasi Ilmii kengash tomonidan koʼrib chiqilganidan soʼng institut rektori tomonidan tasdiqlanadi.
  2. Institutining oʼquv, ilmiy-uslubiy, ilmii-tadkikot, maʼnaviy-maʼrifiy va tashkiliy ishlarga doir barcha masalalar buiicha Ilmiy kengash qarorlari ochiq ovoz berish tartibida koʼpchilikning ovozi bilan qabul qilinadi. Ilmiy kengash majlisi uning tarkibidagi aʼzolarning 2/3 qismi ishtirok etgandagina haqiqiy hisoblanadi.
  3. Professor-oʼqituvchilar tarkibi lavozimlarini egallash, hamda professor yoki dotsent ilmiy unvonlarini berish boʼyicha oʼtkaziladigan tanlovlar va taqdimnomalar yuzasidan qarorlar yopik ovoz berish yoʼli bilan belgilangan tartibda qabul qilinadi.
  4. Ilmiy kengash qarorlari institut rektori tomonidan tasdiqlanganidan soʼng kuchga kiradi.
  5. Ilmiy kengash majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Ilmiy kengash raisi va ilmiy kotibi tomonidan imzolanadi.
  6. Ilmiy kengash raisi muntazam ravishda ilmiy kengash qarorlarining bajarilishi boʼyicha tekshiruvlar tashkil etadi va Ilmiy kengash aʼzolariga ularning natijalari xaqida axborot beradi.